Aholi bandligi muhim vazifa
Navoiy viloyati Xatirchi tumani 1-sektor hududiga qarashli “Novja” mahallasida tuman hokimligi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bosh boshqarmasi hamkorligida yoshlar, xotin-qizlar hamda ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mehnat yarmarkasida viloyatdagi 27 byudjet tashkiloti, 36 xususiy korxonalar o‘zlaridagi 260 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Yarmarkaga tashrif buyurgan 200 nafar fuqaroning 120 nafarini ishsiz xotin-qizlar tashkil etdi. Unda tegishli mas’ullar tomonidan sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida ishga tushadigan loyihalar hisobiga yaratilgan ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlar ham berildi.


– Bugungi o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkasiga keldim, – deydi Ulug‘bek Muxtorov. – Anchadan buyon ish izlab yurgan edim. Bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdim. O‘zimga mos ish topib ishga joylashdim. Endilikda mehnat qilib, oilamga foydam tegishidan mamnunman.



Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida ishtirok etgan ishsiz fuqarolarning 37 nafari korxona, tashkilot va muassasalarga doimiy ishlarga joylashtirildi. 10 nafari kasbga qayta o‘qitishga yo‘naltirildi va 20 nafariga o‘z-o‘zini band qilishi maqsadida subsidiya asosida asbob-uskunalar berildi. 6 nafar fuqaroga imtiyozli kredit rasmiylashtirildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA