Agroklasterning afzalligi nimada?
Jizzax viloyatida agroklaster usulida ishlayotgan “SilverLeaf – BMB agro trade group” Oʻzbekiston – AQSH qoʻshma korxonasida xorijlik hamkorlar ishtirokida koʻrgazmali seminar tashkil etildi.
Jizzax viloyatida agroklaster usulida ishlayotgan “SilverLeaf – BMB agro trade group” Oʻzbekiston – AQSH qoʻshma korxonasida xorijlik hamkorlar ishtirokida koʻrgazmali seminar tashkil etildi.

AQSHning “SilverLeaf International” kompaniyasi vakillari 2018 yil mart oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida Jizzax viloyatining investitsion muhiti, qishloq xoʻjaligi sohasida mahsulot yetishtirish, qayta ishlash, tayyor mahsulot chiqarish va eksport imkoniyatlari bilan tanishib, shu yoʻnalishda qoʻshma korxona tashkil etish boʻyicha kelishuvni imzolagan edi.

Ushbu kelishuvga muvofiq, joriy yil may oyida Oʻzbekistonning “BMB trade group” va AQSHning “SilverLeaf International” kompaniyalari hamkorligida yangi qoʻshma korxona tashkil etildi. Ayni paytda viloyatning Arnasoy, Mirzachoʻl, Doʻstlik va Paxtakor tumanlarida paxtani ilgʻor texnologiyalar asosida yetishtirish va xomashyoni qayta ishlab, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi yaxlit tizimga asoslangan “SilverLeaf – BMB agro trade group” qoʻshma korxonasi faoliyat koʻrsatayotir.

Hozir qoʻshma korxonada agroklaster usulini joriy etish boʻyicha belgilangan tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotir. Qoʻshma korxonaga “John Deele” kompaniyasining ilgʻor, zamonaviy texnika va jihozlari olib kelindi. Paxta xomashyosini yetishtirishdan boshlab unga dastlabki ishlov berish, qayta ishlash va tayyor toʻqimachilik mahsuloti ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni oʻz ichiga olgan klaster modelini amalga oshirish boʻyicha belgilangan tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Paxtakor tumanida “SilverLeaf – BMB agro trade group” qoʻshma korxonasining xorijlik va oʻzbekistonlik taʼsischilari, mutaxassislari, ushbu korxona tarkibida klaster usulida ishlashga oʻtgan fermerlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida koʻrgazmali amaliy seminar oʻtkazildi.
Seminarda ishtirokchilar qoʻshma korxona tarkibida klaster usulini joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Yangi qoʻshma korxonada zamonaviy loyihani amalga oshirish uchun yuqori rentabelli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni yoʻlga qoʻyish, doimiy xaridor va daromadga ega boʻlish, yoshlarni ish bilan taʼminlash, sohada malakali kadrlar tayyorlash, mamlakat eksport salohiyatini oshirishga koʻmaklashish kabi vazifalarni bajarishda rivojlangan davlatlar tajribasini qoʻllash hamda erta bahorda urugʻ qadashga hozirlik koʻrish boʻyicha bajarilgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Paxtachilikda yangicha usul qoʻllab, hosildorlikni 20-25 sentnerdan 50-60 sentnerga yetkazish uchun mavjud maydonlarning meliorativ holatini yaxshilash, sifatli shudgorlash va zararkunandalar koʻpayishining oldini olishda amalga oshiriladigan ishlarga alohida ahamiyat qaratish lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, korxonaning ikkilamchi xomashyosi – kunjara, shulxa, somon va boshqa mahsulotlardan samarali foydalanish moʻljallangani ham chorvachilikni yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻladi. Bu qishloq aholisi bandligini taʼminlash, daromadi va turmush darajasini oshirish, ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlashga xizmat qiladi.
– Paxtachilikka xorij tajribasi asosida klaster usulini joriy etish har qarich yerdan unumli foydalanish imkonini beradi, – deydi “BMB Trade Group” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi B.Mamatqulov. – Biz ilgʻor innovatsion gʻoyalarni tatbiq etib, yuqori hosildorlikka erishmoqchimiz. Buning uchun xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilayotir. Mahalliy mutaxassislar malakasini yanada oshirish uchun ularni xorijga oʻqishga yuborishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu asosda korxonamiz uchun malakali kadrlar tayyorlab boramiz. Ushbu yirik loyihani amalga oshirishga viloyat hokimi ham katta qiziqish bilan qarab, har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotganidan mamnunmiz.
Tadbirda ishtirokchilar qoʻshma korxona tarkibidagi mashina-traktor parkiga AQSHning “John Deele” kompaniyasidan keltirilgan yangi traktorlar va boshqa texnika hamda jihozlar bilan tanishdi.
Koʻrgazmali seminarda Jizzax viloyati hokimi E.Soliyev soʻzga chiqdi.