Agrar sohadagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Sayxunobod tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, Prezident qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda kuzgi mavsumga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimi Komiljon Mullajonov va tuman prokurori Bekmurod Qurbonov rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda tumanda faoliyat yuritayotgan barcha yo‘nalishdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xususan, fermer xo‘jaliklarida chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, xorijdan nasldor yirik va mayda shoxli chorva mollarini olib kelish, dala shiyponlarini belgilangan talablar asosida barpo etish, kartoshka yetishtirish hajmini kengaytirish, paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlarni, jumladan, etifon preparatini o‘z vaqtida qo‘llash hamda joriy yilgi paxta yig‘im-terim mavsumiga puxta hozirlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ekin maydonlarida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish hamda yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha fermerlar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Yig‘ilish davomida sohada yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarning oldini olish, davlat tomonidan ajratilayotgan imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan samarali foydalanish, har bir fermer xo‘jaligida ishlarni rejali tashkil etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda fermerlarning mas’uliyatini yanada oshirish hosildorlikni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim omil hisoblanadi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarning ijrosini so‘zsiz ta’minlash, har bir yo‘nalish bo‘yicha amaliy natijadorlikka erishish hamda kuzgi mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish yuzasidan mutasaddilar va fermer xo‘jaliklari rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri