Afv etilganlar hamisha e’tiborda bo‘ladi
Prezidentimizning mustaqillik bayrami arafasida qabul qilingan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan surxondaryoliklarni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov qabul qilib, ular bilan suhbatlashdi.
Xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimlilik namoyon etilgan mazkur hujjat asosida Surxondaryo viloyatidan jazoni o‘tash chog‘ida qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan 58 nafar shaxs afv etilib, oilasi bag‘riga qaytgan edi.

Uchrashuvda viloyat rahbari afv etilganlarga davlatimiz rahbari ishonchini oqlab, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, jamiyatda o‘z o‘rnini topish, yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning faol ishtirokchisi bo‘lish lozimligini ta’kidladi. Ularning fikr-mulohazalarini tingladi.
Afv etilganlarni ijtimoiy moslashtirish, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, salomatligini tiklash, ishga joylashtirish va boshqa hayotiy masalalarda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri