"Afrika tomi"ni zabt etgan Asal
5 895 metr balandlik. Havo harorati kun botishi bilan keskin pasayib boradi, kislorod esa odatdagidan ikki baravar kam. Bu dunyoning eng mahobatli nuqtalaridan biri — "Afrika tomi" deb atalmish Kilimanjaro cho‘qqisidir. Aksariyat alpinistlar uchun ham ushalmas orzu bo‘lib qolayotgan ushbu ulkan cho‘qqini o‘zbekistonlik 15 yoshli Asal Maqsumova iroda va jasorat bilan zabt etdi.
Ma’lumki, Kilimanjaro Tanzaniyaning shimoli-sharqida joylashgan, nafaqat ushbu mamlakatning, balki butun Afrika qit’asining eng mashhur ramzi hisoblanadi. U o‘zining go‘zalligi, geografik va tabiiy xususiyatlari bilan ham dunyoga mashhur.
– Loyiha g‘oyasi Prezidentimizning 2026-yil 30-iyunda yoshlarga murojaatlaridan so‘ng paydo bo‘ldi, deydi – Asal Maqsudova. – Prezidentimiz nutqidan ilhomlanib, ular tomonidan e’lon qilingan maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qanday hissa qo‘shishim mumkinligi haqida uzoq vaqt izlandim. Ushbu izlanish natijasida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan "Project Independence" nomli loyiha dunyoga keldi. Ushbu loyihaning vazifasi dunyoga O‘zbekistonda o‘zini butun sayyoraga tanitishga tayyor va katta yutuqlarga erishishga qodir yoshlar borligini ko‘rsatishdir.
"Project Independence" katta meros va e’tirof darajasiga ega, bu katta maqsadlar uchun yosh to‘siq emasligini ko‘rsatadigan milliy miqyosdagi tadbirdir. Ushbu loyiha mamlakat tarixining bir qismi va keyingi yutuqlar uchun mo‘ljal bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, men ushbu cho‘qqini zabt etgan O‘zbekistonning eng yosh fuqarosiga aylandim. Cho‘qqida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tardim. Kilimanjaro Tanzaniyada joylashgan, balandligi 5 895 metr bo‘lgan Afrikaning eng baland stratovulkanidir.
U dunyodagi eng baland alohida tog‘ bo‘lib, mashhur "Dunyoning 7 cho‘qqisi" alpinizm dasturi ro‘yxatiga kiritilgan. Ko‘tarilish 10-sentabrdan 15-sentabrgacha davom etdi. Kunduzi tog‘ yonbag‘iri issiq, kechasi esa juda sovuq edi. Ko‘tarilish kuni cho‘qqida havo harorati taxminan −10°S edi, qor yog‘ayotgan va kuchli shamol esayotgan edi. Men Uhuru cho‘qqisiga, tog‘ning eng baland nuqtasiga yetib bordim.

O‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda xayking bilan shug‘ullanaman hamda O‘zbekiston va chet davlatlardagi Arashan cho‘qqisi (3750 m), Xo‘ja Gur Gur Ota cho‘qqisi (3720 m), Katta Chimyon (3309 m), Qozog‘istondagi Bogdanovich muzligi (3500+ m) va boshqa cho‘qqilarni zabt etganman.
Shuningdek, Asal yugurish bilan faol shug‘ullanib, yirik xalqaro marafonlarda ishtirok etib kelmoqda.

Bugungi O‘zbekiston intiluvchan, izlanuvchan va hech bir sohada ortda qolmaydigan zamonaviy yoshlar mamlakatidir. Har sohada yuksak cho‘qqilarni zabt etayotgan yigit-qizlarimiz yurtimizning haqiqiy tayanchi va kelajagiga aylanmoqda. Asal kabi shijoatli va bilimli yoshlarimiz qatorida o‘z iqtidori, mehnatsevarligi va maqsad sari sobitqadamligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yoshlarning borligi dilni quvontiradi. Ularning har bir yutug‘i nafaqat oila, balki butun millatning faxridir.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA