Afinada namoyish: yunonlar nimadan norozi?
Gretsiya poytaxti Afinada minglab kishilar ta’lim sohasiga ko‘proq mablag‘ ajratish va talabalarning yashash sharoitini yaxshilashni so‘rab, parlament tomon yurish qildi. Ularning asosiy talablari - sinflardagi o‘quvchilar sonini kamaytirish, ta’lim muassasalarini yaxshilash va arzon turar joylar yaratishdan iborat bo‘ldi.
Talabalar, o‘qituvchilar va davlat sektori xodimlari Afina universitetidan parlamentgacha bannerlar ko‘tarib, shiorlar aytgan holda harakatlandi. Ayrim plakatlardagi fransuzcha yozuvlar Fransiyadagi talabalar chiqishlariga hamjihatlikni ifodaladi. Politsiya xavfsizlik choralarini kuchaytirib, yaqin atrofdagi yo‘llarni to‘sdi.
Politsiya hisob-kitobiga ko‘ra, poytaxt va uning atrofidagi chiqishlarda qariyb 10 ming kishi qatnashgan, tashkilotchilar esa bu raqam yuqoriroq ekanini bildirgan. Saloniki, Patra, Larisa va Kritda ham shunday yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi.
Ayrim ishtirokchilar parlament oldida tunni o‘tkazib, ijara haqini nazorat qilish va uy-joy xarajatlarini qoplashga yordam so‘ragan.
Musulmon Ziyo, O‘zA