Afg‘onistonlik talabalar hazrat Navoiyni yod etdi
Termiz tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida “She’riyat osmonining yorqin yulduzi” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Buyuk mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni, davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda adabiyot va san’atni yangi bosqichda rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor buyuk ajdodlarimiz merosini yanada chuqur o‘rganib, dunyoga keng tarannum etishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda nafaqat mamlakatimiz balki, dunyoda ulug‘ bobokolanimiz Navoiy ijodini tadqiq etib, o‘rganishga intilish va qiziqish oshib borayotgani qayd etildi.

– Alisher Navoiy o‘zbek tilida ijod qilgan buyuk ajdodimiz, – deydi ta’lim markazi direktori Oybek Ro‘ziyev. – Ulug‘ bobomiz lirik, epik va falsafiy asarlari bilan o‘z davrida adabiyot olamida katta iz qoldirgan. Hayotlik davridayoq nodir asarlari dunyoning ko‘plab davlatlarida sevib mutolaa qilindi. Ayni paytda ham jahon olimlari ul zot merosini chuqur o‘rganayotir. Adabiyotshunoslar Navoiy she’riyatning 16 janrida ijod qilganini, hozirgacha hech bir shoir poeziyaning buncha janrida qalam tebratmaganini aniqlashgan.
Tadbirda ma’naviyatchilar, ta’lim markazining o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilari g‘azal mulki sultonining hayoti va ijodi haqida atroflicha ma’lumot berdi.

– Buyuk mutafakkir o‘z ijodida faqat o‘zbek tili imkoniyatlari bilan cheklanib qolmagan, – deydi ta’lim markazining katta o‘qituvchisi Sayyora To‘rayeva. – Boshqa tillardan ham oqilona foydalangan. Navoiyning so‘z zaxirasiga dunyo olimlari tan bergan. Ul zot qo‘llagan so‘z o‘yinlari adabiyot ahlini hamon rom etib keladi. Ulug‘ ajdodimiz nafaqat buyuk shoir, balki tarjimon, tilshunos, davlat arbobi sifatida ham tanilgan.
Ayni paytda Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida 145 nafar qo‘shni davlatning 14 viloyatidan kelgan yoshlar o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, temir yo‘l va qishloq xo‘jaligi mutaxassislari yo‘nalishi bo‘yicha o‘qib, o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rganayotir. O‘tgan qisqa yillarda 212 nafar yigit-qiz ta’lim markazini muvaffaqiyatli tugatib, oliy ma’lumotli mutaxassis diplomiga ega bo‘ldi.
Adabiy-badiiy kechada afg‘onistonlik talaba-yoshlar she’riyat mulki sultoni haqida fikr-mulohaza yuritdi. Navoiy g‘azallarini ifodali o‘qib, sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi.

–Benazir va buyuk bobomiz bilan har qancha faxrlansak arziydi, –deydi ta’lim markazi talabasi Shikiba Samadiy. – Zero, hazrat Navoiy shoirlarning shoiri, ulug‘larning ulug‘i va avliyolarning avliyosidir. Afg‘onistonda ham ulug‘ bobomizni xotirlash ajoyib an’anaga aylangan.
Tadbirda viloyat ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi markazga kitoblar jamlanmasini topshirdi. Adabiy-badiiy kechada faol ishtirok etgan bir guruh talabalarga Surxondaryo viloyati hokimining IT parklar va xorijiy tillarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi O.Choriyev noutbuk tuhfa qildi. Ta’lim markazi faxriy yorliq va tashakurnoma bilan taqdirladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA