Afg‘onistondan olib kelingan 48,5 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish va ularni mamlakatimiz hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilishining oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona qo‘mitasi harbiy xizmatchilarining hamkorlikdagi say’-harakatlari bilan katta miqdordagi narkotik moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi.
Xususan, Afg‘oniston Islom Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan, Termiz tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Mercedes-Benz” rusumli yuk avtomashinasi “Ayritom” chegara bojxona postida chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tekshiruv jarayonida avtomashina tirkamasining pol qismi ostiga yashirilgan 98 dona o‘ramda jami 39 kg 86 gramm «gashish» va 9 kg 498 gramm «opiy» moddalari borligi aniqlandi.
Ta’kidlash joizki, narkosavdogarlar giyohvandlik vositalari fosh bo‘lmasligi uchun ularni dastlab polietilen paketga, so‘ngra folga qog‘oziga va skotchga puxta o‘rab joylashtirishgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari doirasida ushbu narkotik moddalarning buyurtmachilarini aniqlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zA