Afg‘onistonda harbiy parad bo‘lib o‘tdi
Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat AQSH qo‘shinlari mamlakatdan chiqib ketganining bir yilligi munosabati bilan Bag‘rom aviatsiya bazasida harbiy parad o‘tkazdi. Bu haqda “Ariana News” nashri xabar berdi.
Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Zabihulloh Mujohid “Bugun Amerika kuchlari quvib chiqarilgan kun (rosa bir yil avval ular chiqib ketgan), mamlakat Qo‘shma Shtatlar bosqinidan ozod bo‘lgani bilan faxrlanadi”, deya ta’kidladi.
Telekanal efirga uzatgan tasvirda qurolli kuchlarning turli qismlari, jumladan, maxsus bo‘linma xizmatchilari Bag‘rom bazasi aeroportida to‘liq saf tortib turishibdi. Maydonda Afg‘oniston Islom Amirligi bayroqlari osilgan. Tolibon harbiy-havo kuchlari vertolyoti hudud uzra bayroqni ochib uchib o‘tgan.
Mudofaa vazirligi shtab boshlig‘i Fasihiddin Fitrat “bundan keyin mamlakatga hech qachon hech qanday bosqinchi kirmasligini” qayd etdi.