Afg‘oniston Pokiston bilan chegarani qo‘riqlash uchun yirik bo‘linma tashkil qildi
Afg‘oniston hukumati yetakchisi Haybatillo Oxunzoda Pokiston bilan chegarada xavfsizlikni kuzatish va ta’minlash uchun taxminan 8000 kishidan iborat maxsus bo‘linma tuzishni buyurdi. Bu haqda “Afghanistan International” nashri manbalarga tayanib xabar tarqatdi.
Ta’kidlanishicha, bevosita Oxunzodaga bo‘ysunadigan “Hibati” nomli bu guruh xavfsizlik vazirligi tarkibiga kirmaydi. Qolaversa, boshqa harbiy kuchlarga qaraganda ko‘p maosh oladi, muayyan imtiyozga ega bo‘ladi.
Hozircha Qandahorda 4000 jangchi joylashdi, yana shuncha askar va zobit Kobulda mashg‘ulot o‘tkazyapti. Bo‘linma zimmasiga chegarani qo‘riqlash, noqonuniy savdo-sotiq va bordi-keldiga qarshi kurashish, shuningdek razvedka amaliyoti va gumondorlarni kuzatish vazifasi yuklangan.
Tahlilchilar fikricha, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik kuchayishi bilan bog‘liq mazkur qaror Durand chizig‘i bo‘ylab chegara amaliyoti va turli hodisalar bo‘yicha nazoratni markazlashtirishga urinishni ifodalaydi.
Ikki qo‘shni mamlakatning xalqaro miqyosda tan olingan, ammo bahsli chegarasi hisoblanadigan “Durand chizig‘i” 1893-yil Britaniya mustamlakachi ma’muri Moris Durand tomonidan chizilgan.
S.Rahimov, O‘zA