“Aeroport yoshlari — bir maqsad” dasturi doirasida muhim tashabbuslar muhokama qilindi
Termiz shahrida “Aeroport yoshlari — bir maqsad uchun birlashaylik” dasturi doirasida “Uzbekistan Airports” AJ mutasaddilarining yosh xodimlar bilan ochiq uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bu safar uchrashuv formati an’anaviy ochiq muloqot doirasidan ancha keng bo‘ldi. Mamlakatning turli aeroportlaridan tashrif buyurgan yosh mutaxassislar nafaqat savollar, balki aniq tashabbuslar bilan ham ishtirok etdi: har bir aeroport ish jarayonini takomillashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda ish faoliyatiga yangi yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan o‘z loyihasini taqdim etdi.
Taqdimotlar mazmunli va jonli professional muhokamalarning asosiga aylandi. Ishtirokchilar o‘z g‘oyalarini shunchaki taqdim etish bilan cheklanib qolmay, boshqa aeroportlardan kelgan hamkasblarining savollariga javob berdi, tashabbuslarning amaliy ijrosi yuzasidan fikr almashdi hamda o‘zaro tajriba bo‘lishdi. Bunday format uchrashuvni hamkorlikdagi loyiha ishlari uchun to‘laqonli maydonga aylantirdi.
Mazkur uchrashuvni ochib bergan “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev aviatsiya sohasining kelajagi ko‘p jihatdan yosh mutaxassislarga, ularning tashabbuskorligi va yangi yechimlarni taklif etishga tayyorligiga bog‘liqligini ta’kidladi.
Muhokamalar yakunida taqdim etilgan qator tashabbuslar bo‘yicha loyihalarni kompaniyaning tegishli bo‘linmalari bilan birgalikda yanada chuqur ishlab chiqish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mutaxassislar O‘zbekiston aviatsiya sohasi jadal rivojlanish bosqichini boshdan kechiriyotganligini, aeroport infratuzilmasi modernizatsiya qilinayotganini, yangi loyihalar ishga tushirilishini, parvozlar geografiyasi kengayishi va malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borishini qayd etdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA