Adolat Yo‘ldosheva: «Bugungi hayotimdan roziman»
75 yoshni qarshilagan Adolat Yo‘ldosheva Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida istiqomat qiladi. Umrining 30 yilini bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib, yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan.
Bugun esa 12 nafar nabirasi va 5 nafar chevarasi davrasida farzandlarining kamolini ko‘rib, shukronalik bilan yashamoqda.
Adolat ayaning hayot haqidagi mulohazalarida Vatanga mehr, farzandlar baxti va yurtimizdagi o‘zgarishlarga bo‘lgan samimiy munosabat yaqqol seziladi.
– Bugun ortimga qarab, bir umrlik mehnatimdan mamnunman, – deydi aya g‘ururlanib. – Ayniqsa, bugun 12 nafar nabira, 5 nafar chevaraning buvisi bo‘lib o‘tirganimda, hayotning eng katta boyligi — farzandlar, ularning kamoli va tinchligi ekanini yana bir bor his qilaman.
Bugungi yoshlarga qarab, «Biz ko‘rmagan imkoniyatlarni ular ko‘ryapti», deb quvonaman. Yoshlarning o‘qishi, kasb-hunar egallashi, zamonaviy bilim olishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, o‘z iste’dodini namoyon qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlardan xursand bo‘laman. Kelinlarim ham o‘qimishli, bilimli. Ularning farzandlar tarbiyasi va oilaga bo‘lgan munosabatini ko‘rib, zamon o‘zgargani sari ayollarimizning dunyoqarashi, imkoniyatlari ham kengayib borayotganini ko‘raman.
Men hayotim davomida ko‘p o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim. Bugun O‘zbekistonda shahar va qishloqlarimiz qiyofasi o‘zgarib, yangi maktablar, bog‘chalar, zamonaviy uy-joylar, yo‘llar barpo etilayotgani, yoshlar uchun yangi-yangi imkoniyatlar ochilayotgani meni quvontiradi. Eng muhimi, farzandlarimiz o‘z orzusini yurtimizda amalga oshirish uchun harakat qila oladigan davrda yashayapti.
Men xorijiy davlatlarga borgan paytlarimda ham O‘zbekistonning qadrini yanada chuqur his qilganman. «Qayerdan keldingiz?» deb so‘rashganda, «O‘zbekistondanman», deganimda, ba’zilari «Imom Buxoriyning yurtidan keldingizmi?» deb qiziqish bildirgan. Shunda qalbimda qandaydir faxr uyg‘onadi. Ha, men ana shu buyuk allomalar yurtining farzandiman, deb g‘ururlanaman.
Vatanni sevish — baland gaplar bilan emas, uning har bir kunini qadrlash, tinchligini asrash, farzandlarini yaxshi tarbiyalash, halol mehnat qilish bilan namoyon bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Bugungi bayram kunlarida barcha yurtdoshlarimga eng avvalo, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt va salomatlik tilayman. Yurtimizdagi bugungi osoyishta hayot, yaratilayotgan imkoniyatlar va ertangi kunga bo‘lgan ishonch doimo barqaror bo‘lsin.
Mening eng katta tilagim — farzandlarimiz, nevara-yu chevaralarimiz shu yurtda tinch va baxtli yashasin. O‘zbekiston yanada obod bo‘lsin, yoshlarimiz bizdan ko‘ra ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lib, Vatanimiz nomini dunyoga tanitsin.
75 yoshga kirgan inson sifatida bir narsani ishonch bilan aytaman: tinchlik bor joyda baraka bor, mehnat bor joyda taraqqiyot bor, Vatanga mehr bor joyda esa kelajak bor.
Nigora Rahmonova, O‘zA