“Adolat” SDP: yangi saylovlarga, yangicha ruh bilan
Joriy yilning 2-noyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro hamkorlik markazida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining IX Qurultoyi ushbu shiorni oʻzida jo etdi.
Joriy yilning 2-noyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro hamkorlik markazida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining IX Qurultoyi ushbu shiorni oʻzida jo etdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlaridan saylangan delegatlar, Siyosiy Kengash, Markaziy Taftish komissiyasi aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi deputatlari, parlament quyi palatasi deputatligiga partiyadan koʻrsatilgan nomzodlar, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qurultoyda Oʻzbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi N.Umarovning “Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining faoliyati hisoboti va yangi bosqichda partiya vazifalari toʻgʻrisida”gi maʼruzasi tinglandi. Maʼruzada hisobot davrida partiya dasturidagi ustuvor yoʻnalishlarning bajarilishi tahlil etildi. Partiyaning mafkuraviy, tashkiliy-kadrlar sohasidagi faoliyati natijalari sarhisob qilindi. Shuningdek, partiya faoliyatining qator yoʻnalishlari tanqidiy tahlil etildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlik guruhlari ishidagi mavjud kamchiliklar qayd qilinib, ularni bartaraf etish yoʻllari koʻrsatib oʻtildi.
Eʼtirof etilganidek, oʻtgan uch yil davomida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va davlatimizning taraqqiyot strategiyasi yangi bosqichga koʻtarilganligi Oʻzbekiston “Adolat” SDP faoliyatida ham oʻz aksini topdi.
Eng avvalo partiyaning markaziy va hududiy organlarning ish rejalarining har bir bandida inson manfaati, qonunlarning eng quyi tuzilmalarda ham sifatli ijrosini taʼminlash, ushbu jarayonlarga birinchi navbatda barcha deputatlik korpusini jalb etishga harakat qilindi.
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi bugungi kunda 414 478 ming aʼzoga, mamlakatning barcha hududlarida 6313 ta boshlangʻich partiya tashkilotiga, 201 ta hududiy boʻlinmaga, parlament va hokimiyatning mahalliy vakillik organlarida deputatlik guruhlariga ega boʻlgan yirik siyosiy kuchga aylandi.
Tashkiliy-partiyaviy ishlar darajasini muntazam oshirib borish bilan bir qatorda partiyaning “Adolat – hayotimizning bosh mezoni” gʻoyasi bilan belgilangan Saylovoldi dasturini amaliyotga qoʻllash hamda ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtgan davr oraligʻida 27 ta turli sohalar boʻyicha xalqchil va oʻta muhim partiya loyihalari ishlab chiqildi. Ular xalqimiz farovonligi yoʻlida amaliyotga tatbiq etildi. “Adolat – qonun ustuvorligida”, “Siyosiy-huquqiy bilimlarni mustahkamlash – demokratik jamiyat poydevori”, “Farzandlari sogʻlom yurt – qudratli boʻlur” va boshqa koʻplab loyihalar jamoatchilik nazorati bilan muvofiqlashtirildi.
Akmal Burxanov – Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi:
- “Adolat” SDP tomonidan ilgari surilgan loyihalar jamiyatimizni har bir jabhasidagi kamchilik va muammolarni qamrab olib, hisobot davrida partiya saʼy-harakati evaziga quruq gaplar bilan emas, aksincha taʼsirchan tadbirlarning keng omma kayfiyatiga, fuqarolar manfaatlaridan chiqqan holda maqsad va vazifalariga qaratilganligi namoyon boʻlmoqda. Ushbu jarayonda joylardagi deputatlar korpusi faollik koʻrsatib, oʻtgan hisobot davrida ular tomonidan doimiy komissiyalarga kiritilgan masalalar jami 428 ta, sessiyalarga kiritilgan masalalar jami 233 ta, mansabdor shaxs hisobotlari jami 470 ta va deputatlik soʻrovi 4214 tani tashkil qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlovchi va sogʻliqni saqlash, fan, taʼlim, sud-huquq tizimlarini mustahkamlovchi qator qonun loyihalarining ishlab chiqilishi va qabul qilinishida faollik koʻrsatdi.
Hisobot davrida fraksiya aʼzolari 43 ta qonun loyihasiga tashabbuskor boʻldilar. Shundan 9 tasi yaxlit qonunlar boʻlsa, 34 tasi mavjud qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishdan iborat boʻldi.
Xususan, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi, “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Saylov kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Konstitutsiyaviy sud toʻgʻrisida”gi, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari toʻgʻrisida”gi, “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi yaxlit Qonunlar qabul qilinishga erishildi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining “Adolat – har bir inson uchun” nomli saylovoldi dasturi loyihasini har tomonlama pishiq va puxta boʻlishiga katta eʼtibor qaratildi. Eng asosiysi, dastur partiya aʼzolari, boshlangʻich partiya tashkilotlari, deputatlik korpusi, faollar, ekspertlar va oddiy fuqarolarimiz fikri asosida takomiliga yetkazildi. Yangi dasturda asosiy eʼtibor sud-huquq, sogʻliqni saqlash, taʼlim va ilm-fan sohalari hamda tashqi va ichki siyosatga qaratildi.
Jumladan, “Sogʻliqni saqlash sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “Aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirish, joylarda aholiga malakali tibbiy yordam koʻrsatish, dori-darmonlarning noqonuniy aylanishi ustidan partiyaning qatʼiy pozitsiyani bildirish, taʼsirchan qonunchilik mexanizmlarini ishlab chiqish belgilandi.
Alisher Shodmonov, Sogʻliqni saqlash vaziri, “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi aʼzosi:
- Bugungi kunda tibbiyot sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Mana shu islohotlarda partiyamizni bevosita partiyamizdan saylangan deputatlarning ham alohida oʻrni bor. Chunki birinchi navbatda islohotni amalga oshirishda huquqiy tartib oʻrnatish, hujjatlarni takomillashtirish zarur. Bu borada “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi, “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida” gi qonuni loyihalari boʻyicha ham bevosita bizning partiya ish olib bordi. Ayni kunlarda esa “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari ishtirokida “Inson organlari, toʻqimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ustida ustida ish olib borishmoqda.
Shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasida eng muhim strategik hujjatlar Sogʻliqni saqlash kodeksi, Tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida ustida ish ketyapti. Shu bilan birga bizni tibbiyotimizni yuqori darajaga olib chiqishga yordam qiladigan tibbiy faoliyat va tibbiyot xodimlarining kasbiy javobgarligini majburiy sugʻurtalash toʻgʻrisidagi qonun ustida ish ketyapti. Albatta bu jarayonlarida ham fraksiya aʼzolaridan alohida faollik talab etiladi.
Sud-huquq sohasida tergov organlarining yagona tizimini yaratish, turli yoʻnalishlarga boʻlingan sudlarni umumlashtirish, advokatura instituti mustaqilligini taʼminlash, aholining huquqiy madaniyat va bilimlarni oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashishga fuqarolarni keng jalb qilish vazifalari rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, partiya aʼzolarining 25 foizi mehnat qilayotgan taʼlim tizimda — umumiy taʼlim sohasida sifatni keskin oshirish, oliy taʼlimda qabul kvotalaridan voz kechish, ilm-fanning iqtisodiyotda rolini kuchaytirish belgilangan.
Bundan tashqari partiya “propiskadan oʻtish” tizimiga yangicha yondashish, fuqarolarimizning oʻz xohish-istaklaridan kelib chiqib, doimiy yashash joyini oʻzi belgilash huquqini taʼminlovchi qonuniy bazani takomillashtirish choralarini koʻrmoqda.
Dasturda ommaviy axborot vositalari vakillari qatori blogerlik faoliyatini ham tegishli qonunlarda huquqiy asoslarini shakllantirish koʻzda tutilgan.
Qurultoyda soʻz olganlarning maʼruza va chiqishlarida asosiy eʼtibor partiyaning qonunchilik va vakillik organlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarligi, barcha darajadagi saylov shtablari faoliyati samaradorligi, elektorat bilan samarali ishlash masalalariga qaratildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 70-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga koʻrsatilgan 150 nafar nomzodlar maʼqullandi.
Nomzodlarning 42 % ayollar tashkil etadi. Bundan tashqari nomzodlarni shakllantirish jarayonida partiya asosiy urgʻuni oʻz elektoratiga qaratdi. Jumladan, nomzodlarning 25% oʻqituvchilar, 17% shifokorlar, 15% huquqshunoslar, 12% muhandislar tashkil etmoqda.
Anjumanda, shuningdek, partiyaning oliy organi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi. Siyosiy Kengash va Markaziy Taftish komissiyasining yangi aʼzolari saylandi. Partiya Ustavi qabul qilindi. Qurultoyda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Qurultoy “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faoliyati uchun yangi davrni boshlab berdi. Qurultoy partiyalarning islohotlardagi ishtirokini yanada kengaytirish, Oliy Majlis, mahalliy davlat vakillik organlariga saylovlarni samarali tashkil qilishda muhim qadam boʻldi.
Qurultoy ishining yakunlari boʻyicha mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Narimon Umarov ishtirokida brifing oʻtkazildi.
Oʻzbekiston “Adolat” SDP
Matbuot xizmati