“Adolat” g‘oyalari Namanganda qo‘llab-quvvatlanmoqda
Shu kunlarda O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi yangi saylovoldi dasturini keng ommaga tanishtirishga va fuqarolar bilan bevosita aloqalar o‘rnatishga intilmoqda.
Mazkur faoliyat doirasida Namanganda “Adolat” SDP viloyat kengashi tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida parlament deputatligiga nomzod Sahobiddin Sultonov, xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputatligiga nomzod Mahbuba Ahmadaliyeva hamda xalq deputatlari To‘raqo‘rg‘on tumani Kengashi deputatligiga nomzod Sherzod Mahmudov saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda partiya mas’ul xodimlari, faollar, to‘raqo‘rg‘onlik saylovchilar va yoshlar ishtirok etdi.

Nomzodlar o‘z dasturlari, rejalari va saylovdagi maqsadlari haqida batafsil ma’lumot berib, fuqarolarning savollariga javob berdi. Muloqotlarda, saylovchilar o‘z ehtiyojlarini, taklif-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, ularning mavjud muammolarini hal qilish yuzasidan tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.
“Adolat” SDP fuqarolarni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga, o‘z fikrlarini erkin ifoda etishga undaydi. Ushbu tamoyil, saylov jarayonida fuqarolar o‘rtasida ishonchni kuchaytirishga, ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan. Qolaversa, partiya dasturida iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur chora-tadbirlar, aholini iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot darajasini oshirish va ijtimoiy farovonlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Muloqotlar davomida so‘zga chiqqanlar “Adolat” g‘oyalarini, maqsad-vazifalarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda partiya hamda uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.