Adliya vaziriga parlament so‘rovi yuborildi
Mamlakatimizda notariat institutini takomillashtirish, aholiga qulay xizmatlar ko‘rsatish va sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, “E-notarius.uz” portali, Face-ID va Mobile-ID imkoniyatlari joriy etildi. Ayrim notarial harakatlarni videokonferensaloqa orqali masofadan rasmiylashtirish uchun sharoit yaratildi.
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglarida fuqarolar bilan o‘tkazgan muloqotlari va uchrashuvlari davomida ayrim hududlarda bir xil huquqiy munosabatlarga nisbatan turlicha notarial amaliyot shakllanayotgani, qonun normalarining yagona yondashuv asosida qo‘llanilishi to‘liq ta’minlanmayotgani aniqlangan.
Shuningdek, notariat tizimi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat arxivlari, ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi va xorijdagi konsullik muassasalarining axborot resurslari o‘rtasida to‘liq elektron integratsiya ta’minlanmagani fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyi palata majlisida adliya vaziri A.Toshqulovga “Aholiga notariat sohasidagi xizmatlarning sifatli va shaffof tarzda ko‘rsatilishini hamda mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlash holati to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborildi. Unda notariat sohasida qonunlarning respublika bo‘yicha bir xil qo‘llanilishini ta’minlash, notariuslar faoliyatiga uslubiy rahbarlikni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, huquqiy va texnik tusdagi xizmatlarning huquqiy tabiati, iqtisodiy asoslanganligi hamda ularning qiymatini belgilash mezonlari, davlat organlarining axborot tizimlari o‘rtasida to‘liq elektron integratsiyani ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘raldi.
M.Komilova, O‘zA