Adliya vaziri yoshlar bilan uchrashdi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Adliya vaziri va yoshlar” mavzusida uchrashuv oʻtkazildi. Iqtidorli yoshlar adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Saʼdullayev bilan uchrashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Adliya vaziri va yoshlar” mavzusida uchrashuv oʻtkazildi. Iqtidorli yoshlar adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Saʼdullayev bilan uchrashdi.
Tadbirda yoshlarga oid davlat siyosatining ahamiyati, yoshlar uchun qonunchilikda yaratilgan imkoniyatlar, voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
– Rahbarlar va yoshlar oʻrtasida muloqot biroz oqsayotgan edi, – dedi adliya vaziri Ruslanbek Davletov. – Bu kabi tashabbuslarni tizimli ravishda davom ettirishimiz kerak. Mazkur uchrashuv mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatini toʻgʻri tushuntirish, shuningdek, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatni oʻstirishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida Adliya vazirligiga ekskursiya tashkil etildi. Yoshlar vazirlik ichki tuzilmasi, boshqarmalar va boʻlimlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ular norma ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti, huquqiy targʻibot kabi vazirlik vakolatiga kiradigan funksiyalarning amalga oshirilishi jarayoniga guvoh boʻldilar.
Vazirlik faoliyati toʻgʻrisidagi taqdimot va adliya organlari tarixi muzeyiga tashrif yoshlarga adliya organlari faoliyatini yanada aniq va mukammal tasavvur etishlari uchun yordam berdi.
Shu bilan birga qiziqarli savol-javoblar, viktorinalar ham yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi. Faol ishtirokchilarga adliya vazirining esdalik sovgʻalari topshirildi.