Adliya tizimida mansabdor shaxslar kamaydi
Ayrim tizimlar kengayib, mas’ul rahbarlik lavozimlari ko‘payayotgan bir paytda adliya tizimi ixchamlashdi, mansabdor shaxslar kamaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, Adliya vazirligi ma’muriy islohotni o‘zidan boshladi. Bu nafaqat byudjet mablag‘larining tejalishi, balki aholiga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishini ham anglatadi. Chunki katta emas, balki ixcham va harakatchan tizimlargina samarali ishlashi hech kimga sir emas.
Bu o‘zgarishlar davlatimiz rahbarining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshirilmoqda.
Zero, mazkur farmon orqali aholiga professional xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruvni yaratish, aholining huquqiy muammolarini hal etishda adliya organlarining roli va mas’uliyatini yanada kuchaytirish ko‘zlangan.
Farmon mohiyati va ijrosi bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Adliya vazirligi ma’muriy islohotlar uchun ikkita agentligini “qurbon qilgani” qayd etildi.
Adliya vazirining o‘rinbosari Xudoyor Meliyev Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shilganini ma’lum qildi.
Adliya tizimida respublika darajasidagi rahbarlar soni ikki barobarga qisqargan. Vazirlik tizimidagi boshqaruv tuzilmalari 666 tadan 222 taga (67 foizga), boshqaruv xodimlari soni 110 taga tushirilgan.
Tadbirda raqamli adliya bunyod etilayotgani ta’kidlandi. Ya’ni odamlar o‘rniga texnologik imkoniyatlar kuchaytirib boriladi.
Adliya – ixcham, samarali va resurslarni aqlli va samarali sarflaydigan tizim modelini namoyish etmoqda.
Farmon asosida tizimga joriy etilayotgan yangiliklar haqida saytimizda batafsil tanishtiramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova, O‘zA