Adliya tizimi: murojaatlar ijrosi nazoratda
O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hamdam Nazarov jurnalistlarga atroflicha ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, joriy yilning birinchi yarimida boshqarma va uning tuman, shahar adliya bo‘limlariga kelib tushgan 4 ming 565 ta murojaatning 2 ming 866 tasi qanoatlantirilgan, 1 ming 451 tasi bo‘yicha esa huquqiy tushuntirish berilgan. O‘tgan davr mobaynida 78 nafar tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari hal etildi.

Jumladan, Toshkent viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Obod Taʼmir” MCHJning Toshkent viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK qurilish pudrat shartnomasiga asosan bajarilgan ishlar uchun 562,7 million so‘m miqdorida pul mablag‘lari to‘lab berilmayotgani yuzasidan qilgan murojaati bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sudning hal qiluv qaroriga asosan 562,7 million so‘m miqdorida pul mablag‘lari to‘lab berildi.

Matbuot anjumanida davlat xizmatlari markazlari va FHDYO yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Hisobot davrida DXMlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga turli yo‘nalishlarda jami 758 mingdan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi. Shu bilan birga, 16 ming 924 ta tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Joylarga chiqqan holda tashkil etilgan cayyor qabullarda ham aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlariga ijobiy yechim topilmoqda.

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan vakolatli tashkilot va idoralarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyati o‘rganilganda, ayrim tashkilotlar faoliyatida tizimli muammolar va qonun buzilishlar aniqlandi. Xususan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarda 7 marotaba o‘rganish va 37 marotaba monitoring tadbirlari o‘tkazildi. Unda vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida 8300 dan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Shundan 175 ta holatda murojaatlar asossiz rad etilgan. Boshqarma tomonidan 40 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi. Jami 190 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shundan so‘ng tuman markazidagi Davlat xizmatlari markazi va tuman Adliya bo‘limi faoliyati bilan tanishildi.
A.Musayev,
O‘zA.