Adliya tashabbusi bilan kutubxona burchagi ochildi
Inson tafakkurini boyitish, fikrlash qobiliyatini o‘stirish, hayotga teran nigoh bilan qarashga undovchi kitob mutolaasini oshirish yo‘lida adliya organlari tomonidan bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Namangan viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Namangan shahri davlat xizmatlari markazi binosida “Ziyo ulash” loyihasi doirasida kutubxona burchagi tashkil etildi. Mazkur xayrli ish fuqarolar va adliya idoralari xodimlariga kitob mutolaa qilish imkoniyatini yaratish hamda ularning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.


Kutubxonaga taniqli so‘z ustasi Iskandar Hamroqulov, “Ovoz” respublika bolalar musiqa tanlovi g‘olibi Qodirxon Valiyev, og‘ir atletika bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, o‘smirlar o‘rtasida birinchi Olimpiya o‘yinlari hamda Osiyo o‘yinlari sovrindori Adhamjon Ergashev, boks bo‘yicha ikki karra Osiyo chempioni Jasurbek Yo‘ldoshev, viloyatdagi huquqni muhofaza qilish tuzilmalari rahbarlari kitoblar sovg‘a qildi.



Ezgu aksiya boshlanishi munosabati bilan, Namangan shahri adliya bo‘limi xodimlari tomonidan Yangi Asr mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolarga badiiy va siyosiy kitoblar sayyor tartibda yetkazib berildi. Bundan tashqari, viloyat adliya boshqarmasiga qarashli Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan nikohdan o‘tayotgan yosh kelin-kuyovlarga ham kitob sog‘a qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA