Adliya organlarida «Konstitutsiya burchagi» tashkil etilmoqda
Sanoqli kunlardan keyin mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi keng nishonlanadi.
Konstitutsiya kuni munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Zotan, Konstitutsiya – xalqimiz xohish-irodasini ifoda etgan xalqchil hujjat.
Bosh qomusimizda belgilangan har bir modda inson sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari ta’minlanishi kafolatidir. Shuning uchun konstitutsiyaviy savodxonlik muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi tizimidagi tashkilotlarda, xususan, davlat xizmatlari markazlarida «Konstitutsiya burchagi» tashkil etilmoqda.
Adliya organlariga tashrif buyurgan fuqarolar burchakdan o‘rin olgan qisqa axborot flayerlari, huquqiy adabiyotlar bilan tanishishi mumkin. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish, mutaxassislardan bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga va boshqa huquqiy masalalarda javob olishi mumkin.
Suratda Qo‘shrabot tumani davlat xizmatlari markazidagi “Konstitutsiya burchagi” aks etgan.
N.Abduraimova, O‘zA