Adliya ko‘magida mulkdorlarning murojaati hal etildi
Buxoro viloyati Kogon tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lgan savdo do‘konlari mahalliy hokimlik tomonidan noqonuniy tarzda buzdirilib, yer uchastkalari olib qo‘yilganligidan norozi bo‘lib buzilgan savdo do‘konlari uchun kompensatsiya undirib berish va savdo do‘konlariga teng miqdorda yer maydoni ajratilishida amaliy yordam so‘rab tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
Murojaatlar tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan ko‘rib chiqildi.
Buxoro viloyati hokimining 2017 yil 22 maydagi “Buxoro viloyatidagi “Yetti pir” ziyoratgohi majmualaridan “Bahouddin Naqshband” majmuasini qayta rekonstruksiya qilish haqida”gi farmoyishi va Kogon tuman hokimligining 2017 yil 3 avgustdagi qaroriga asosan mazkur hududda zamonaviy loyihalar asosida markaziy avtoturargoh va milliy hunarmandchilik rastalari qurish uchun mazkur bino-inshoot buzdirilgan bo‘lsada, yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda yer egasining roziligi olinmaganligi va yerdan foydalanuvchi hamda ijaraga oluvchi bilan kelishuv bo‘yicha tegishli ravishda tuman hokimining qarori chiqarilmaganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” gi qonunining 33-moddasida normativ-huquqiy hujjatning vaqt bo‘yicha amal qilishi belgilangan bo‘lib, normativ-huquqiy hujjat, agar uning matnida boshqacha izoh berilmagan bo‘lsa, muddatsiz amal qilishi, normativ-huquqiy hujjatning amal qilish muddati butun hujjat uchun yoki uning qismlari uchun belgilanishi mumkin. Bunday holda normativ-huquqiy hujjat yoxud uning qismi qaysi muddatga yoki qanday hodisa yuz berguniga qadar o‘z kuchini saqlab qolishi ko‘rsatilishi kerakligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda (o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan) yer uchastkasi yoki uning bir qismini (keyingi o‘rinlarda yer uchastkasi deb ataladi) davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijaraga oluvchi bilan kelishuv bo‘yicha — tegishli ravishda tuman, shahar hokimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori bo‘yicha yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shartligi hamda fuqarolar tomonidan umrbod egalik qilish uchun meros qilib qoldirish huquqi bilan foydalaniladigan, kimoshdi savdosi asosida sotib olingan yer uchastkalari olib qo‘yilgan taqdirda ularga umrbod egalik qilish uchun meros qilib qoldirish huquqi bilan teng qiymatli yangi yer uchastkasi berilishi belgilangan bo‘lsada, tuman hokimligi tomonidan mulkdorlar xabardor qilinmagan va teng qiymatli yangi yer uchastkasi ham kompensatsiya ham berilmagan.
– Yuqoridagilarga asosan tuman adliya bo‘limi tomonidan 2020 yilning 28 dekabr kuni tuman hokimligiga taqdimnoma kiritilgan bo‘lsada, hokimlik tomonidan mulkdorlarga teng miqdorda yer uchastkasi ajratish va kompensatsiya to‘lash masalalari hal qilinmadi, – deydi Kogon tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Habib Qoryog‘diyev.– Shundan so‘ng, tuman adliya bo‘limi tomonidan mulkdorlarning manfaatini ko‘zlab, ularga teng miqdorda yer uchastkasi ajratish va kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklash haqida FIB Kogon tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritildi.
Kiritilgan da’vo arizaga binoan, sudning tegishli hal qiluv qarori qabul qilinib, da’vo arizalari qanoatlantirilib, mulkdor fuqarolar foydasiga javobgar Kogon tuman hokimligidan kompensatsiya va boshqa xarajatlar uchun jami 429 million 587 ming 859 so‘m undirilishi va buzdirilgan savdo do‘konlari yer maydoniga teng yer uchastkasi ajratish majburiyati yuklandi.
Zarif Komilov, O‘zA