Adliya: fuqarolar huquqi qonun himoyasida
Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan jami 1 ming 358 ta taqdimnoma, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 319 ta taklif va 2 ming 780 ta ogohnoma kiritilgan.
Kiritilgan taqdimnomalarga asosan 666 nafar shaxs intizomiy va
337 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. bugungi kunda qoldiqdagi 5 ta taqdimnoma tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
–Fuqarolar manfaatini ko‘zlab ularning buzilgan qonuniy huquq va manfaatlarini tiklash, moddiy va ma’naviy zararlarni undirish to‘g‘risida sudlarga jami 17 milliard so‘mga yaqin 2 ming 39 ta da’vo arizalari kiritilgan, – deydi Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Anvar Ro‘ziyev. – Hisobot davrida 1 milliard 54 million 830 ming so‘mdan ziyod 23 ta da’vo arizalari qoldiq bo‘lib o‘tgan. Kiritilgan da’vo arizalarning 14 milliard 495 million 599 ming so‘mdan ziyodi ya’ni 1 ming 807 tasi sudlar tomonidan qanoatlantirilgan.
Jumladan, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Buxoro shahar Shirbudin ko‘chasida yashovchi fuqaro M.Inoyatovaning murojaati o‘rganilganda fuqaroning davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan bino-inshooti uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilmaganligi aniqlandi. Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan ushbu qarzdorlikni undirib berish maqsadida 2021 yilning 27 iyul sanasida FIB Buxoro tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritildi. Sudning 2021 yil 1 noyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan da’vo qanoatlantirilib, 137 million 320 ming 961 so‘m kompensatsiya to‘lovlari undirilishi belgilandi.
2021 yilning yakunlari bo‘yicha jami 5 ming 699 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Ularning 5 ming 279 tasi hal etilgan. Shundan 4 ming 129 ta murojaat yoki 78.2 foizi qanoatlantirilgan. Bundan tashqari, 3 ming 261 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. 295 ta murojaat tegishligiga ko‘ra boshqa idora va tashkilotlarga yuborilgan.
Jumladan, Buxoro viloyat adliya boshqrmasi tomonidan Muharram Razzoqovaning yoshga doir pensiya tayinlashda amaliy yordam so‘rab qilgan og‘zaki murojaati o‘rganib chiqilgan. Natijada byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Buxoro tumani bo‘limiga taqdimnoma kiritildi. Fuqaroga 2021 yil 16 dekabrdan boshlab yoshga doir pensiya tayinlangan. Buxoro shahar sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari M.Hojiyev va boshqalarning murojaati o‘rganib chiqilgan. Ularga ustamalar to‘lanmayotganligi aniqlangan. Natijada fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2021 yil 24 sentyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan fuqarolarga yigirma milliondan ortiq ustama pullari to‘lab berilishi ta’minlangan.
2021 yilda adliya organlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jami 114 ta qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun topshirilgan. 100 ta qaror loyihalari O‘zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” gi qonunda belgilab qo‘yilgan norma talablari asosida ishlab chiqilganligi sababli rozilik berilgan. Boshqarma tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining 38 ta normativ-huquqiy hujjatlari davlat hisobiga olingan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA