Adliya boshqarmasi: chorak sarhisobi
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlariga joriy yilda 1 ming 679 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Ularning 1 ming 649 tasi hal etilgan.
Bundan tashqari, 303 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. 33 ta murojaat tegishligiga ko‘ra boshqa idora va tashkilotlarga yuborilgan.
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z bordi. Unda boshqarma va uning tuman (shahar) adliya, FHDYO bo‘limlari, davlat xizmatlari markazlari tomonidan joriy yilning mos davrida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida jurnalist va blogerlarga ma’lumot berildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar va murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qonun buzilishlarni bartaraf etish yuzasidan jami 403 ta taqdimnoma, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 103 ta taklif va 1 ming 48 ta ogohnoma kiritilgan. Aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishi ta’minlangan. Bundan tashqari, o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar natijasida qonunchilikni takomillashtirish maqsadida qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Adliya vazirligiga jami 120 ta taklif kiritilgan. Shuningdek, tegishli sudlarga kiritilgan da’vo arizalarning 11 milliard 257 million 403 ming 45 so‘mlik 949 tasi sudlar tomonidan qanoatlantirilgan.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Adliya organlari tomonidan 2022 yilning birinchi choragida jami 6 ming 520 marotaba huquqiy targ‘ibot ishlari olib borilgan. Bundan tashqari, anjumanda davlatimiz rahbarining 2022 yil 17 martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni haqida ham so‘z bordi.
Ya’ni, Adliya vazirligi optimallashtirilgani natijasida tizimda bo‘lgan o‘zgarishlar bo‘yicha jurnalistlarga ma’lumot berildi.
Farmonga ko‘ra, Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari hamda Intellektual mulk agentligi va uning hududiy markazlarini vazifa, funksiya va vakolatlarini Adliya vazirligiga o‘tkazish orqali ma’muriy binolar, xizmat mashinalari va boshqa resurslar, ortiqcha qilinadigan sarf-xarajatlar iqtisod qilinganligi ta’kidlandi.
Anjumanda jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga soha mutaxassislari batafsil javob berdi.
[gallery-7382]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA