Adashganlarga yana bir imkoniyat
Fuqarolar hamda tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish va ularni ijobiy hal etish maqsadida sud raislari tomonidan joylarda aholi bilan sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Navbatdagi qabul Navoiy shahrining “Janubiy” mahalla fuqarorlar yig‘inida bo‘lib o‘tdi.
Navoiy viloyat sudi raisi Hamidulla Qudratov va Navoiy viloyat ma’muriy sudi raisi Akmal Murodov tomonidan hudud aholisi bilan o‘tkazilgan yuzma-yuz muloqotda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarini qiynab kelayotgan muammolari tegishli tartibda o‘z yechimini topdi.
Sayyor qabulda sud raislari tomonidan 16 nafar fuqaro murojaatlari qabul qilindi. Jumladan, mol-mulk nizosi yuzasidan qilingan murojaatlar fuqarolik sudida ko‘rib chiqish uchun, hokim qaroridan norozi bo‘lib hamda pensiyaga chiqishida amaliy yordam so‘rab qilingan murojaatlar ma’muriy sudda tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Shuningdek, tayinlangan jazodan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan, jazoni o‘tash davrida biror marta nojo‘ya xatti-harakatlar sodir qilmagan, sud tomonidan tayinlangan jazoni uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini o‘tagan 7 nafar fuqaroning o‘talmagan jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnomalari ko‘rib chiqildi.
Jinoyat sodir etgan, biroq qilmishining salbiy oqibatlarini anglagan, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan bu fuqarolar jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, ularga jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari, oila a’zolari, farzandlari hamda yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun imkon berildi.
Shuningdek, 1994 yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqaro M.Satarova oxirgi to‘rt yil ichida buzilgan huquqlarini tiklab berish borasida sudlarga qilgan murojaati ijobiy hal etilib, qonuniy huquqlari tiklab berilganligini ta’kidlab, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan minnatdor ekanligini bildirdi.
Aziza Ro‘ziyeva,
Navoiy viloyat sudi
jamoatchilik va OAVlar bilan aloqalar bo‘limi
bosh konsultanti