Adabiy do‘stlikni kuylagan ijodkor yodi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Respublika tojik milliy madaniy markazi tomonidan zullisonayn – ikki tilda ijod qilgan tojik shoiri Jonibek Quvnoq tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan madaniy - ma’rifiy tadbir va she’rxonlik tanlovi tashkil etildi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Tadbir doirasida tojik milliy madaniyat markazi tomonidan tashkil qilingan kitoblar ko‘rgazmasi mehmonlar diqqatiga havola etildi.

Tadbirda qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov ikki tilda qalam tebratgan Jonibek Quvnoq ijodi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini bog‘lashda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. O‘zbekistonda barcha qardosh xalqlarning shoir va yozuvchilari, davlat va jamoat arboblariga katta hurmat va ehtirom ko‘rsatilishi, taniqli adiblarning shonli sanalari keng nishonlanishida yaratilgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘pmillatli oila tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar yangi pog‘onaga chiqqani qayd etildi.

Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda o‘z nutqida O‘zbekistonda milliy madaniy markazlarga ko‘rsatib kelayotgan amaliy yordami uchun qo‘mita rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini izxor etib, Jonibek Quvnoq she’riyati va uning ikki xalqning do‘stlik rishtalarini bog‘lashdagi o‘rni xususida fikr yuritdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan ishtirokchilar tomonidan Jonibek Quvnoq hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘qilib, taklif hamda mulohazalar bildirildi. Ta’kidlanganidek, o‘zbek va tojik xalqlari qadim zamonlardan o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikda yashab, o‘z madaniyatlarini o‘zaro boyitib kelmoqdalar.

Anjuman yakunida shoir qalamiga mansub she’rlar asosida kuylangan qo‘shiqlar adabiy tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi. Buxoro viloyatidan kelgan “Oftobi sug‘diyon” ansamblining chiqishlari tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. She’rxonlikda faol ishtirok etganlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
N.Usmonova,
O‘zA