Abituriyentlar uchun muhim bosqich: testga kirish ruxsatnomalari berilmoqda
2026/2027 o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun yana bir muhim jarayon boshlandi.
Endi ular test sinovlarida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan “Abituriyent ruxsatnomasi”ni yuklab olishlari mumkin.
Ruxsatnomani my.uzbmb.uz portali orqali shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR), pasport seriyasi va raqamini kiritgan holda olish mumkin. Hujjatda abituriyentning test topshiradigan manzili, sanasi, vaqti va auditoriyasi haqidagi ma’lumotlar aks ettirilgan.
Test sinovi kuni abituriyentlar o‘zlari bilan asl pasport yoki ID-karta hamda abituriyent ruxsatnomasini olib kelishi lozim. Pasport nusxasi, boshqa hujjatlar yoki tasdiqlovchi ko‘chirmalar testga kirish uchun asos bo‘la olmaydi.
Shuningdek, imtihon o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan kechikmasdan yetib kelish muhim hisoblanadi. Belgilangan vaqtdan kech qolgan yoki shaxsini tasdiqlovchi asl hujjatsiz kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Mutaxassislar abituriyentlarga ruxsatnomani oldindan yuklab olish, undagi ma’lumotlarni diqqat bilan tekshirish hamda test o‘tkaziladigan manzil va vaqt bilan oldindan tanishib chiqishni tavsiya etmoqda. Bu imtihon kunidagi noqulayliklarning oldini olish va jarayonni xotirjam o‘tkazishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, qabul jarayonlarining raqamlashtirilishi tufayli abituriyentlar barcha zarur ma’lumotlarni onlayn tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa qabul jarayonining ochiqligi, shaffofligi va qulayligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA