Abduqodir Husanov «Brayton»ga qarshi bahsda ham e’tibor markazida bo‘ldi
Angliya Premer-ligasining 9-turida «Manchester Siti» o‘z maydonida «Brayton» jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Biroq, «shaharliklar» mazkur bahsda imkoniyatni boy berdi.
«Etihad» stadionida kechgan uchrashuv taqdirini Yassin Ayyari tomonidan 11-daqiqada kiritilgan yagona gol hal qildi — 0:1.
Jamoasi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, Abduqodir Husanov ishonchli harakatlari bilan alohida e’tibor qozondi. Statistik ma’lumotlarga ixtisoslashgan Flashscore portali hamyurtimizning o‘yinini 7,6 ballga baholadi. Bu «Manchester Siti» tarkibidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi. Jamoada Jeremi Doku 8,1 ball bilan eng yaxshi natijani qayd etgan bo‘lsa, Erling Holandning harakatlari 6,9 ballga baholandi.
SofaScore portali esa o‘zbekistonlik futbolchiga 7,0 ball qo‘ydi.
Husanovning mavsum davomidagi statistik ko‘rsatkichlari ham uning himoyadagi samaradorligini namoyon etmoqda. SofaScore ma’lumotlariga ko‘ra, Abduqodir joriy mavsumda APL doirasida 373 daqiqa maydonda harakat qilgan. Bu vaqt jamoa futbolchilari orasida 12-ko‘rsatkich bo‘lsa-da, himoyaviy harakatlar samaradorligi bo‘yicha hamyurtimiz yetakchilar safida.
Jumladan, u raqibdan to‘pni olib qo‘yish borasida 16 ta muvaffaqiyatli harakatni amalga oshirgan. Bu ko‘rsatkich «Manchester Siti» himoyachilari orasida eng yuqori natija hisoblanadi. Shuningdek, har 90 daqiqada o‘rtacha 7 ta himoyaviy harakatni bajargan. Yakkakurashlardagi g‘alaba ko‘rsatkichi 72,2 foizni, to‘p uzatishlar aniqligi esa 94,4 foizni tashkil etmoqda.
Qayd etish joiz, Abduqodir Husanov maydonda o‘tkazayotgan vaqti nisbatan cheklangan bo‘lishiga qaramay, berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, jamoa himoyasidagi muhim futbolchilardan biri ekanini ko‘rsatmoqda.
«Manchester Siti»ning navbatdagi uchrashuvi UEFA Chempionlar ligasi doirasida Germaniyada «RB Leypsig»ga qarshi kechadi. Uchrashuv 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA