Abdumalik Xalakov g‘olibona yurishini boshladi
Abdumalik Xalakov “World Boxing” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda doimo yuqori saviyada ishtirok etgan.
Xitoyning Guiyang shahrida o‘tayotgan “World Boxing” tashkiloti kubogi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi yuqori natijalarni qayd etmoqda. Musobaqaning navbatdagi kuni ham vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda.
Musobaqaning bugungi bellashuvlarida uch nafar charm qo‘lqop ustamiz g‘alaba qozondi. Jumladan, -60 kg. vaznda Abdumalik Xalakov venesuelalik Vilson Solorzano ustidan ishonchli - 5:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu vazndagi qizlar orasida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Sitora Turdibekova Yaponiya vakili Ayaka Taguchini 3:2 hisobida yenggan bo‘lsa, -70 kg. vaznda esa Shavkatjon Boltayev Janubiy Koreya terma jamoasi a’zosi Joonsu Kimni 3:2 hisobida taslim etdi.
Eslatib o‘tamiz, “World Boxing” tashkiloti kubogining kechki dasturi doirasida -55 kg. Samandar Olimov ozarbayjonlik Amin Mammadzadaga qarshi bahs olib boradi. Shuningdek, -80 kg vaznda Javohir Ummataliyev qozog‘istonlik Sabirjan Akkalikov bilan kuch sinashadi
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA