Abdulla Qodiriyning Berlindagi sirdoshi
Mustaqil O‘zbekistonning qariyb 35 yil davomida tinch osmon ostida erkin va farovon hayot kechirishi, eng muhimi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, hech kimga qaram bo‘lmasdan taraqqiy etishi zamirida uzoq yillar Vatan ozodligi yo‘lida o‘z aziz jonlarini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimizning orzulari yotibdi. Shu ma’noda, mustamlaka tuzumi davrida qatag‘on siyosati qurboni bo‘lgan kishilarning xotirasini yod etish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Joriy yilning 28-avgustida davlatimiz rahbari boshchiligida turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar hamda ziyolilar ishtirokida Toshkentdagi «Shahidlar xotirasi» xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi o‘tkazildi. Tadbir davomida qatag‘on qurboni bo‘lgan shaxslarning xotirasini abadiylashtirish, tarixiy adolatni tiklash, ularning hayoti, faoliyati va ilmiy merosini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish yo‘lida ilmiy izlanishlar ko‘lami va sifatini oshirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar belgilandi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. So‘nggi o‘n yilda birgina oliy ta’lim muassasalarining soni 77 tadan 205 taga yetgani, dunyoning top-100 taligiga kiruvchi universitetlarda 3 ming 500 dan ziyod o‘zbekistonliklarning tahsil olayotganligi, magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning o‘quv-shartnoma to‘lovlari to‘liq byudjetdan qoplab berilishi, har yili doktorantura yo‘nalishida maqsadli o‘rinlar ajratilishi natijasida yil sayin respublikamizda ziyoli ayollar soni oshib bormoqda. Bir qarashda qisqa muddat ichida erishilgan ushbu yutuqlar yoshlar uchun tabiiy jarayondek ko‘rinsa-da, aslida bu bosqichga yetib kelish ham oson kechmagan. Bugun biz uchun oddiylikka aylanib ulgurgan ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanish istiqlol ne’mati ekanligini anglash uchun tarixga nazar solish kifoya.
Bundan bir asr avval Turkistondan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan 74 nafar talabaning hayoti va taqdiriga oid ko‘plab maqolalar e’lon qilinmoqda. Turkiston ziyolilarining yoshlarga ta’lim berish, xorijga o‘qishga yuborish, qizlarni maktablarga jalb etish yo‘lida uchragan mashaqqat va to‘siqlar, o‘z yurtidan olislarda iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramasdan, ayni kuchga to‘lib, ta’lim olib Vataniga qaytgan yetuk mutaxassis yoshlarning nohaq qatag‘on qilinishi turli manbalar asosida ochib berilmoqda. Biroq bu tarix biryoqlama manbalar, aniqrog‘i, O‘zbekiston arxivlari, kutubxona va muzeylarida saqlanayotgan manbalar yoxud jahon miqyosidagi ochiq onlayn kutubxonalardan olingan adabiyotlar asosida yozilgan. Ammo xorij arxivlarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid hujjatlarning aksariyat qismi hanuzgacha ilmiy muomalaga kiritilmagan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-228-son farmoni bilan davlat arxivlarida fuqarolarning oilaviy shajaralarini shakllantirish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli dasturning 14-bandida belgilangan vazifalarga muvofiq, o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixiga oid xorijda saqlanayotgan arxiv hujjatlarini aniqlash va ulardan nusxa olib kelish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning iyul oyida Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi qoshidagi ishchi guruh a’zolari tomonidan Berlin arxivlarida izlanishlar olib borildi. Aniqlangan hujjatlar orasida 1922-yilda Toshkentdan Berlinga o‘qishga yuborilgan aka-uka Ahmadjon va Abdulmajid Ibrohimovlarning o‘qishlariga doir yangi manbalar topildi.
Aka-uka Ibrohimovlar XX asrning 30-yillarida Germaniyadagi natsistlar boshqaruv tizimidan hamda O‘zbekistondagi bolsheviklar tomonidan olib borilgan katta qirg‘indan qochib, ism va familiyalarini o‘zgartirib, Turkiyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘lganlar. Eng qizig‘i, aka-ukaning oila a’zolari chorak asr davomida ularning tirik ekanligini bilishmagan.
Berlin davlat arxivlaridan topilgan ushbu rasmiy hujjatlar shajara izlanishlariga yo‘l ochdi. Xususan, aka-uka Ibrohimovlarning Germaniyadagi tahsili va keyingi taqdiriga oid arxiv ma’lumotlari ularning Toshkentdagi qarindoshlari hamda Turkiyada istiqomat qilayotgan vorislarini aniqlashga asos bo‘ldi. Shu tariqa, aka-uka Ibrohimovlarning oilasi bilan o‘rnatilgan ilmiy aloqalar natijasida ularning shaxsiy arxivini o‘rganish imkoni yaratildi. Davlat arxivlaridagi rasmiy hujjatlardan farqli o‘laroq, ushbu oilaviy arxiv Turkiston ziyolilarining norasmiy, yashirin kechinmalari va murakkab ruhiyatini o‘zida saqlaydi. O‘zaro suhbatlar, fikr almashishlar, izlanishlar jarayonida Abdulla Qodiriyning ularga yo‘llagan maktubi topildi.
Umuman olganda, Ahmadjon va Abdumajid Ibrohimovlarning oila shajarasini shakllantirish bo‘yicha olib borilgan keng qamrovli tadqiqot natijasida yig‘ilgan hujjatlar hamda qarindoshlarining shaxsiy arxivida saqlanayotgan manbalar asosida tariximizni yangi ma’lumotlar bilan boyitish imkoniyati tug‘ildi.
Rangi sarg‘ayib ketgan, arab alifbosida yozilgan maktub o‘rganilganda, bu Abdulla Qodiriyning Berlinda tahsil olayotgan do‘sti Ahmadjon bilan sirli yozishmasi ekanligi aniqlandi. Xat mazmunidan ikki ziyoli o‘rtasida avvalroq ham bir necha bor yashirincha yozishmalar olib borilganini anglash mumkin. Abdulla Qodiriy adabiy mohirlik bilan O‘zbekiston SSRda ta’lim va qishloq xo‘jaligida bo‘layotgan o‘zgarishlar borasidagi tanqidiy fikrini ochiq bayon etmasa-da, o‘z noroziliklarini Ahmadjonga o‘xshash chet ellarda ma’rifat orqasidan yurgan turkistonlik yoshlar ilm olib Vataniga qaytgach, o‘zbek xalqi ham madaniy millatlar qatoriga kirishiga umid bog‘lagani orqali bayon qilgan.
A. Qodiriy do‘stiga orada bir muddat xat yozmaganining sababi sifatida muharrirlik davrida duch kelgan muammoga “allanarsalar” iborasi bilan ishora qiladi. Ma’lumki, 1926-yil 25-fevralda Abdulla Qodiriy o‘zi muharrirlik qilgan “Mushtum” jurnalida “Yig‘indi gaplar” maqolasini e’lon qiladi. Oradan uch oy o‘tib, qamoqqa olinadi. O‘zbekiston SSR Oliy sudining 1926-yil 16-iyun kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan majlisi hukmiga ko‘ra, Abdulla Qodiriy aybdor deb topilib, ikki yilga ozodlikdan mahrum etiladi. O‘zbekiston SSR Markaziy ijroqo‘mi Rayosatining 1926-yil
17-iyundagi qaroriga asosan jazoni o‘tamay, ozod qilinadi.
Maktubda 1927-yili Germaniyada 8 yil o‘qib, O‘zbekistonga qaytgan Abdulvahob Murodiy haqida ham so‘z boradi. Xat muallifning yozishicha, ular Toshkentda ko‘risha olmagan. Darhaqiqat, ayni bahor fasli – aprelda O‘zbekistonga qaytgan yosh mutaxassis shaharda qolmasdan o‘z xohishi bilan Toshkentdan 16 km uzoqlikda joylashgan Achchi qishlog‘idagi Turkiston qishloq xo‘jaligi tajriba stansiyasiga ishga ketadi.
Xullas, ushbu maktub Abdulla Qodiriy va Germaniyada tahsil olgan talabalar o‘rtasida nafaqat do‘stona munosabatlar, balki hamjihatlik va hamfikrlik aloqalari bo‘lganligini ochiqlaydi.
Eng muhimi, ikki do‘st orasida xatlar almashinuvida Toshkentning eski shahridagi sartarosh Abdulvahhob hoji Nurmuhammad o‘g‘li ularga yordam berganligi to‘g‘risidagi ma’lumot, kelgusida ushbu shaxs haqida alohida izlanishlar olib borishni taqozo etadi.
Quyida o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilayotgan ushbu noyob maktub hozirda O‘g‘uz Ahmadjon o‘g‘lining shaxsiy arxivida saqlanmoqda. O‘ylaymizki, kelgusida ushbu xat ham boshqa manbalar qatorida Abdulla Qodiriy va Germaniyada tahsil olgan talabalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tarixiga oid yangi izlanishlarga turtki bo‘lib xizmat qiladi.
Muhtaram Ahmadjon qori afandi!
Sizga avvalo Abdulvahhob hojidan, so‘ngra Abdulladan (Qodiriyning o‘zi – MI) salom. Shunday salomki, eski qadrdonliq, o‘rtoqliq va yaqinliq salomlari. Munda yog‘ru-do‘stlar orasida sog‘-salomatlik, xalq orasida uyg‘onish, intiboh. Maorif yildan-yilga o‘smoqda. Maktablar o‘quvchilar bilan to‘lmoqda. Ziroat, sanoat ishlarimizda ham ko‘tarilish, iqtisodiy xo‘jaliq taraflaridan ham o‘sish, sizga o‘xshash chet ellarda ma’rifat orqasidan yurgan yigitlarimiz ilm olib qaytishg‘ach, tabiiy, biz va siz orada madaniy millatlar qatorig‘a o‘tamiz. Bunda shubha yo‘q. Faqat buning uchun sho‘rolar hukumatining biz bilan birga yashamog‘i shartdur.
Hoji afandi sizga xat yozish to‘g‘risida ko‘pdan beri menga tanbeh yasar, lekin menim tanballigim sababidan shu choqqacha yozolmamish edim. Bugun hoji akaning do‘koniga o‘tgan edim, qo‘limg‘a qog‘oz-qalam tutqizdi va sizga xat yozishni so‘radi. Men yoza boshladim. Go‘yo bu kungacha bo‘lg‘an tanballigim qog‘oz-qalam yo‘qlig‘i uchun emish. Hoji aka shu ishni ilgariroq qilg‘anda, bu kungacha sizga necha-necha xatni yo‘llag‘an bo‘lar ekanmiz. Attang! Xayr. Bundan so‘ng sizga shu yo‘sin xat yozib tursak mumkin. Faqat o‘tgan gunohimiz uchun bizni muoxazaga olmasangiz bas.
Bizning xususi tirikligimizdan so‘rasangiz, Hoji afandi hamon va hanuz parikmaxer, o‘zimizcha aytganda sartarosh Hoji. Men bo‘lsam bir vaqtlar Maskavda bir yil chamasi turib o‘qudum. So‘ngra muharrir va o‘tg‘an allanarsalar bo‘lib, alhol O‘zbekiston Davlat nashriyotida ilmiy sotrudnik bo‘lib ishlayman. Har holda ikkimiz ham O‘zbekistonning komil huquqli grajdani!
Hoji afandi hozir tamoman boshqa kishi. Eski fe’l-xo‘ylari tashlang‘an, bultur uylangan edi. Bu yil bo‘lsa bir o‘g‘ilning otasi. Shu holda undan eski gaplarni kutish mumkin ham emas.
Habibullo adangiz bo‘lsa, hanuz eski tos, eski hammom. Etga et qo‘shilg‘an. Qorin ham bir oz pishillagan. Faqat bir necha oylardan beri ishsiz. Uning xafaligi yolg‘iz shu nuqtada bo‘lsa kerak, deb o‘ylaymiz.
Abdulvahob Murodiy keldi, faqat men uchrasholmadim. Bunga ham menim u kelganda Toshkandda bo‘lmag‘onlig‘im sabab bo‘ldi. Men Toshkentga kelsam, uyezda ishga belgilanib ketgan ekan, ko‘rishish nasib bo‘lmay qoldi.
O‘zingizning sog‘lig‘ingiz, tahsilingiz qanday, qachon bitirasiz va qachon qaytasiz? Shu to‘g‘rilarda yozsangiz, minnatdor qilg‘an bo‘lursiz. Yuqorida o‘zbeklik tutib, bir muncha jiddiyatni yo‘qotib qo‘yduq. O‘zingiz o‘zbek bo‘lg‘anlig‘ingiz uchun bu to‘g‘rida bizni ma’zur ko‘rasiz. Bizdan u yerdagi o‘qug‘uvi o‘rtoqlarga salom!
Sizga o‘rtoqlar ehtiromi bilan Abdulloh Qodiriy.
Toshkent, 18-iyun 1927-yil, shanba kuni.
Maktub hoshiyasidagi va konvertdagi qo‘shimcha qaydlar:
Ilova satrlar: “17.07.1927-yilda javob yozdim.”
“Xat yozsangiz adres: Toshkent, Eski gorod, Tabachniy bozor, parikmaxerskiy, Vahob hoji Nurmuhammedovu. (arab alifbosida: Toshkentda Eski shahar, tamaki bozori, sartarosh Vahob hoji Nurmuhammad o‘g‘lig‘a)”
“Ahmadjon aka, bizning ham arzimagan salomimizni qabul qilsangiz, deb Abdulmusavvir”
Muhayyo Isakova,
O‘zbekiston Milliy arxivi
katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari doktori, professor