Abdulla Qodiriy maktabiga qadaming muborak!
Shu paytga qadar yurtimizning oltita hududida olti adib nomi bilan ataladigan Ijod maktablari faoliyat olib borayotgan edi.
Shu paytga qadar yurtimizning oltita hududida olti adib nomi bilan ataladigan Ijod maktablari faoliyat olib borayotgan edi. Bu yil esa ularning safi yana uchtaga ko‘paydi. Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Halima Xudoyberdieva, Xorazm viloyatining Xiva shahrida Ogahiy hamda Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy nomidagi Ijod maktablari ochildi. Joriy yilda ochilgan Ijod maktablarining 5-, 6-, 7-, 8-sinflariga, shuningdek boshqa maktablarning 5-sinflariga iqtidorli, a’lochi, bilimdon o‘quvchilar ijodiy imtihon va test sinovlari asosida qabul qilindi. Ijod maktablarining ijodiy imtihonlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkazildi. Toshkent shahrida tashkil etilgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga hujjat topshirgan 488 nafar o‘quvchi orasidan ijodiy va test imtihonlari asosida har bir sinfga 30 nafardan jami 120 nafar o‘quvchi saralab olingan. Ayni vaqtda maktab o‘quvchilari Olmazor tumanidagi 119-maktab binosida o‘qitilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi 1027-sonli Farmoyishga muvofiq, Toshkent shahar hokimligiga o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan adabiy muzey, kutubxona bilan birgalikda ijod maktabi barpo etish vazifasi belgilangan. Ayni kunlarda Olmazor tumanida joylashgan Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘ida adib ijodiga bag‘ishlangan majmua barpo etilmoqda. Adabiy muzey, kutubxona bilan birgalikda ijod maktabi binosining qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Abdulla Qodiriy ijod maktabiga qabul qilingan o‘quvchilarni tabriklash, ularni jo‘shqin ijod qilishga undash, xalqqa, yurtga kerakli insonlar bo‘lib yetishishiga turtki berish maqsadida 5 sentabr kuni soat 11:00 da O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Yozuvchilar uyushmasining a’zolari, adabiyotshunos olimlar, Xalq ta’limi vazirligi vakillari, ijod maktabi o‘quvchilari, maktab rahbariyati, o‘qituvchilar, o‘quvchilarning ota-onalari hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, ijod maktablari bo‘yicha mas’ul rahbar Nodir Jonuzoq olib bordi.
“Buyuk kishilar o‘zi tug‘ilgan yurtini, millatini o‘z mehnati, betakror ijodi, jasorati bilan dunyoga tanitadi. Xalqi va yurtining faxriga aylanadi. Ular o‘z nomi bilan butun bir xalq, Vatani sharafini mangulik sahifasiga muhrlaydi.
Shukrlar bo‘lsinkim, o‘zbekda bunday cho‘qqilar oz emas. Ularning biri Abdulla Qodiriydir. Bu zot o‘zbek romanchiligini boshlab bergan ulug‘ namoyandalardan biridir. Ular asrlar osha ona yurti va xalqining bo‘yi-bastini butun dunyoga ko‘z-ko‘zlab kelmoqda”, dedi u jumladan.
Tadbirda o‘zbek romanchiligining asoschisi, fidoyi millatparvar Abdulla Qodiriyning qatag‘onga uchrashi haqidagi videotasvir namoyish etildi. Unda Abdulla Qodiriy tilidan aytilgan “ Adabiyot – abadiyat demak. Biz va biz kabi haqiqatni muqaddas bilib qalam tebratgan barchamiz adabiyot sharofati ila abadiyatga yo‘narmiz. Bizning farzandlarimiz, ular bo‘lmasa ularning farzandlari, yoinki ularning o‘g‘il-qizlari bo‘lsin, yozg‘onlarimizni o‘qir esalar, bizning qalamga olgan haqiqatimiz yashayverur. Haqiqat yashar ekan, biz ham yashayveramiz” so‘zlari tadbirning barcha ishtirokchilarini to‘lqinlantirdi.
Ijod maktabiga qabul qilingan o‘quvchilar va ularning ota-onalarini Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktorining o‘rinbosari Shuhrat Rizaev, Filologiya fanlari doktori Bahodir Karimov, Olmazor tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zamira Azimboeva, Toshkent shahar Xalq ta’limi boshqarmasi uzluksiz metodik xizmat bo‘limi boshlig‘i Nigora Ikromovalar qizg‘in muborakbod etdilar.
“Sizning orangizda Qodiriydek xalqparvar fidoyilar, haq so‘zni aytadiganlar, yetuk romannavislar o‘tirganiga shak-shubha yo‘q. Bugun bu yerda o‘tirgan o‘quvchilar yaxshi adabiyotshunoslar, jurnalistlar, tarixchilar bo‘lib yetishishini tilaymiz”, dedi jumladan Shuhrat Rizaev.
Nodir Jonuzoq, shuningdek, ijod maktablaridagi ta’lim jarayoni, o‘quv dasturlarini takomillashtirish ishlari Yozuvchilar uyushmasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda olib borilayotganligi haqida ma’lumotlar berdi.
A.Qodiriy nomidagi ijod maktabi direktori, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Nilufar Yo‘ldoshevaning maktab o‘quvchilariga tabrigi yangradi:
Aziz o‘quvchim! Sen bugun Abdulla Qodiriy nomidagi Ijod maktabi ostonasiga ilk qadam qo‘yding, qadaming qutlug‘ bo‘lsin! O‘z zehning, teran tafakkuring, go‘zal odobing va jajji qalbingdagi betakror ma’rifat ila ulkan, zabardast ijod ahliga izdoshliging, sevimli vorisliging muborak bo‘lsin!
Maktab juda katta gulzor. Bu gulzorda turli xil iforlar, bir-biridan maftunkor, betakror ilm chashmalari, turfa rang gullari, jon quloq bo‘lib tinglaydigan bulbul xonishlari bor. Har kuning o‘zgacha, sermahsul va betakror, yangi-yangi bilimlar cho‘qqisi sari yetaklayveradi.
Sen albatta, xalqimiz ardoqlagan, shoir va adiblar, dunyo tamaddunida e’tirof etilgan mumtozlarning ijod bo‘stonidan bahramand bo‘lasan, bunday baxtni orzulagan minglab do‘stlaring orasidan faqat sening shu ijod gulshanida borliging, avvalo ota-onang, qolaversa jonajon Vatanimiz baxti emasmi?!
“Adabiyot yashasa, millat yashaydi” degan purma’no o‘gitni doimo yodingda tut! O‘z xalqing, Vataning, Prezidenting sendan O‘zbekiston taraqqiyoti, kelajak strategiyasi uchun juda katta ishlar kutmoqda. Ajdodlardan avlodlarga taqdim qilingan ma’naviy meros endi ishonchli qo‘llarda ekanligiga shubhamiz yo‘q. Sen albatta ishonchimizni oqlaysan!
Ha, kurtak yozayotgan ilhomni avaylash kerak, xolos. Yo‘l-yo‘riq darkor. Bolaning butun boshli she’rida atigi bitta so‘z yarq etib ko‘rinsa agar, uni cho‘g‘ deb qabul qilib “puf-puflash”, uchqunni olovlantirish – oliy saodat. Bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar yanada keng quloch yozayotgani quvonarlidir.
Tadbirga taklif etilgan Xondamir Qodiriy – Abdulla Qodiriyning nabirasi, Habibulla Qodiriyning o‘g‘li maktab o‘quvchilarini qizg‘in tabriklab, ularga xotiralaridan so‘zlab berdi. Ko‘proq kitob o‘qishga, yoshlikni qadrlashga, haqiqat uchun kurashchan, halol bo‘lishga da’vat etdi.
Tadbirda o‘quvchilar, o‘quvchilarning ota-onalari ham o‘z quvonchlarini bo‘lishdilar, taklif-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
“Bobomiz Abdulla Qodiriy nomidagi maktabga hujjat topshirganimdan beri qabul qilinsam edi”, degan o‘y xayolimni tinch qo‘ymadi. Bir oz she’r mashq qilaman, lekin yozganlarim arzimasligi ham mumkin. Maqsadim, yaxshi adabiyotshunos bo‘lish. Bugun ustozlarning fikrlarini eshitib, bu orzuimga yetishishga yanada qattiq ahd qildim”, deydi 7-sinf o‘quvchisi Zahro Abdullaeva.
Tadbir yakunida maktabning barcha o‘quvchilariga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan kitoblar tuhfa qilindi.
Ma’mura ZOHIDOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘quv-metodika va harbiy-vatanparvarlik bo‘limi bosh mutaxassisi.