“Abdulla Qodiriy dahosi” tanlovi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 129 yilligi munosabati bilan “Abdulla Qodiriy dahosi” mavzusida tanlov o‘tkazildi.
Unda viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi. Tanlov ikki bosqichda tashkil etildi. Dastlab tuman va shaharlardan g‘oliblar saralandi. Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida o‘tgan viloyat bosqichida ishtirokchilar “So‘zga sharh”, “Suratga sharh” hamda “Savol-javob” kabi noodatiy shartlar asosida ma’rifatparvar adib ijodiga oid bilim va iqtidorini namoyish etdi.

– Yaqinda Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi bo‘yicha yetti yoshdan yetmish yoshgacha ishtirokchilar o‘rtasida “Yuz g‘azal – yuz javohir”, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar o‘rtasida “Abdulla Oripov ijodi bilimdonlari” tanlovlarini tashkil etilgan edi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Lola Saodatova. – Mazkur tanlovlar orqali ko‘plab iqtidor, iste’dod egalari kashf etilmoqda. “Abdulla Qodiriy dahosi” tanlovini esa maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari orasida o‘tkazdik. Maqsadimiz – yoshlar tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan kishilar har jihatdan barkamol, yuksak didli kitobxon, bilimdon bo‘lsin.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yakkabog‘ tumanidagi 31-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Farida Qurbonova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, G‘uzor tumanidagi 9-maktab direktori o‘rinbosari Marg‘uba Umirova hamda Kasbi tumanidagi 16-maktab direktori o‘rinbosari Gulnoza Shodiyeva 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
G‘olib va faol ishtirokchilarga diplom va kitoblar to‘plami topshirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.