Abdulla Oripov hayoti va ijodi keng nishonlanmoqda
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi mafkuraviy, tashviqot-targ‘ibot ishlari bo‘limi tomonidan Kogon shahridagi axborot resurus markazida Abdulla Oripovning 80 yilligi munosabati bilan hayoti va ijodiga bag‘ishlab, “Onajonim, she’riyat” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda partiya faollari, deputatlar, yozuvchi va shoirlar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Tadbirda partiya faollari tomonidan o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi she’ri muallifi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi qolganligi ta’kidlandi.
Uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rni va ahamiyati haqida so‘zlab berildi.
[gallery-1576]
- Abdulla Oripov o‘zbek she’riyatiga o‘tgan asrning 60-yillarida sobiq sovet jamiyatida esa boshlagan yangi shabadaning elchisi sifatida kirib keldi, - deydi deputat, Kogon shahar axborot resurs markazi rahbari Mohigul Jo‘rayeva.
- U dastlabki she’rlaridan boshlab milliy she’riyatda yangi poetik tafakkurning qaror topishi yo‘lida ijod qildi. Turmushda paydo bo‘la boshlagan yangicha karashlar, kishilarning ruhiy olamidagi evrilishlar, fikr va xatti-harakat erkinligiga bo‘lgan ehtiyoj Abdulla Oripov she’rlarining g‘oyaviy mundarijasini belgilab berdi.
Shoirning «Mitti yulduz», «Ko‘zlarim yo‘lingda», «Onajon», «Ruhim», «O‘zbekiston», «Xotirot», «Yurtim shamoli», «Yuzma-yuz», «Hayrat», «Najot qal’asi», «Yillar armoni», «Haj daftari», «Munojot» singari ko‘plab she’riy kitoblari nashr etilgan.
Tadbirda yozuvchi va shoirlar, yoshlar tomonidan shoirning she’rlaridan namunalar aytildi.
Partiya tomonidan faol yoshlarga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov(surat), O‘zA