O‘zbekiston va Polsha «Halol» standartlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqchi
O‘zbekiston musulmonlari idorasida Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy Tomash Mishkevich boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov hamda idora raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, ulamolar o‘rtasida tajriba almashish hamda o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Homidjon Ishmatbekov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish, ulamolarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish, ziyorat turizmini rivojlantirish va «Halol» standartlari yo‘nalishida tajriba almashish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Muloqot davomida Polsha delegatsiyasiga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy hayot, O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati, masjid va madrasalar tizimi, Fatvo markazi hamda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy Tomash Mishkevich samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, uyushmaning faoliyati, nashr ishlari va Polshada turli millat hamda din vakillari o‘rtasida qaror topgan bag‘rikenglik muhiti haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, u o‘zbekistonlik imom-xatiblarning Polshaga amalga oshirgan safarlari samarali bo‘lganini ta’kidlab, bunday ma’rifiy muloqotlarni davom ettirish, tajribali ulamolarning o‘zaro tashriflarini yo‘lga qo‘yish va «Halol» sertifikatlash tizimi bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga qiziqish bildirdi.
Tashrif dasturi doirasida Polsha delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda «Hazrati Imom» majmuasida ham bo‘ldi. Mehmonlar bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va noyob qo‘lyozmalar fondi bilan tanishdi.
Uchrashuv O‘zbekiston va Polsha musulmonlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va amaliy hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim muloqotlardan biri bo‘ldi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA