Qoraqalpog‘iston – yangilanishlar o‘lkasi
So‘nggi yillarda Prezidentimizning rahbarligida xalqimizning bugungi turmushidan roziligini ta’minlash, aholining farovonligini oshirish, muammolariga tizimli yechim topish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugun oxirgi o‘n yildagi islohotlarga nazar solar ekanmiz, faqat o‘zgarishlarni emas, balki yangilanishni, taraqqiyotni, hayotga bo‘lgan yondashuvdagi tub burilishni ko‘ramiz. Shunday islohotlar bo‘ldiki, ular faqat tizimni emas, tafakkurni ham o‘zgartirdi. Bugungi kundagi yurtimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayoti o‘n yil avvalgi holat bilan solishtirilsa, tubdan farq borligi ayon bo‘ladi. Xalqning davlatga, jamiyatga, ertangi kunga munosabati butunlay yangicha mazmun kasb etmoqda. Buning zamirida Prezidentimizning “Inson qadri uchun” g‘oyasi turibdi. Keng ko‘lamli islohotlar markazida aynan inson, uning sha’ni, g‘ururi va erkin yashash huquqi turadi.
Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ulkan o‘zgarishlar har bir yurtdoshimizning qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda. Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan doimiy e’tibori, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan aniq maqsadli dasturlar, xalqning turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Biz uchun Qoraqalpog‘iston yutug‘i – O‘zbekiston yutug‘i, Qoraqalpog‘iston tashvishi bu − butun O‘zbekiston tashvishi”, degan gaplari hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir.

Prezidentimizning 2016-yildagi “Madaniyatni Mo‘ynoqdan boshlaymiz!” degan chaqirig‘i hozir amalda namoyon bo‘lib turibdi. Mo‘ynoq bamisoli qaytadan qurildi. Orolning qurigan qismida 2 million gektardan ziyod yashil maydon paydo bo‘ldi. Yangidan Taxiatosh, Bo‘zatov tumanlari tashkil etildi. O‘zbekistonning har bir viloyati tumanlarni ijtimoiy−iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida biriktirildi va buning samarasini xalqimiz his qilmoqda.
Qoraqalpog‘iston “yashil” energetika, agrar sohada ishlab chiqarish va turizm markaziga aylanmoqda. So‘nggi yillarda 860 megavattli yangi quvvatlar ishga tushirildi. Beruniy va Qorao‘zakda shamol stansiyalari qurilishi hisobiga “yashil” energiya ulushi 23 foizga yetdi. Elektr ishlab chiqarish 4 karra oshib, 5 milliard 330 million kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu aholi va korxonalarning yillik talabidan qariyb uch barobar ko‘p.
Umuman, 2030-yilgacha jami 3 ming 300 megavattli shamol stansiyalari ishga tushirilib, “yashil” energiya ulushi 76 foizga yetkaziladi, 400 Mega-vattli energiya saqlash quvvati yaratiladi. “Yashil” energiyani “karbon kredit”ga aylantirish orqali yiliga 50-100 million dollar daromad olish imkoniyati bor. Oldimizga bir oyda ushbu mexanizmni yo‘lga qo‘yish va yirik importyor davlatlar bilan muzokaralar o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Eksportdan tushadigan mablag‘lar infratuzilmaga ajratilayotgan resurslarga qo‘shimcha bo‘lib, Qoraqalpog‘istonning o‘zida qoladi. Yil yakunigacha Orolning 50 ming gektarida “O‘rmon karbon krediti” dasturi boshlanadi.
Qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish, avvalo, suv yo‘qotishlarini kamaytirishga bog‘liq. Hududdagi 417 ming gektarni sug‘orishga 5 milliard 700 million kub metr suv sarflanmoqda. Yo‘qotishlar 2 milliard 100 million kub metrni, ya’ni 38 foizni tashkil etmoqda. Shu bois To‘rtko‘ldagi “Yonbosh” va Bo‘zatovdagi “Erkindaryo” kanallarini betonlash, suv inshootlari va artezian quduqlar qurishga 135 milliard so‘m ajratilishi e’tiborga molik.
Chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash uchun foydalanilmayotgan yaylov va yerlar o‘zlashtiriladi. Qo‘ng‘irot, Beruniy va Chimboyda 2 ming gektar yer tiklanmoqda, kelasi yili yana 5 ming gektar o‘zlashtiriladi. Bo‘zatovda 7,5 ming gektarni ozuqaga moslashtirishga 100 milliard so‘m ajratiladi. Ozuqabop ekinlar yetishtirishga har gektar uchun 500 ming so‘m subsidiya beriladi. Yirik chorva komplekslari uchun kredit miqdorini 50 milliard so‘mgacha oshirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar qiymatining 10 foizi, har bir bosh uchun 4 million so‘mgacha subsidiya qilinadi. Taxtako‘pirda Shinjon tajribasi asosida ozuqa yetishtirish tashkil etilib, xorijdan 5 ming bosh qo‘y-echki olib kelinadi. Yil yakunigacha 10-15 ming gektarda loyihalarni shakllantirib, bir yilda 100 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish belgilandi. “Kegeyli naslli parranda” korxonasi quvvatini 2-3 karra oshirib, xoldingga aylantirish, texnikumda parrandachilik kurslari ochish topshirildi.
Inson manfaatlarini ko‘zlagan bunday loyihalar Qoraqalpog‘iston tarixida hech qachon kuzatilmagan. Kelgusi bahordan Nukus tumanidagi 10 ming gektarda qovun yetishtirish boshlanishi ham bizni quvontirdi. Ispaniya, AQSH, Niderlandiya va Xitoydan eng yaxshi navlar va mutaxassislar jalb etilib, qayta ishlash hamda eksport bilan shug‘ullanadigan xolding tashkil qilinishi hayolimizga ham kelmagandi. Bu borada tumandagi texnikum laboratoriya va sinov poligoni bilan ta’minlanib, qovunchilik bo‘yicha tajriba almashish metodik markaziga aylantiriladi.
Aholi uchun qulay shahar va mahalla muhiti yaratiladigan bo‘ldi. Nukusning “Ashshiko‘l” hududida 50 ming aholiga mo‘ljallangan “Nukus siti” qurilishi boshlandi. 270 gektarda energiya tejamkor binolar, biznes, savdo va servis markazlari, yashil xiyobonlar barpo etiladi.
Aholi salomatligini saqlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Nukusda jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda, Orolbo‘yi bolalar shifoxonasida 150 turdagi zamonaviy xizmat ko‘rsatilmoqda. Joriy yil murakkab yo‘nalishlarda 1,5 mingta jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Tibbiy sug‘urta joriy etilib, muassasalarga 10 million dollarlik jihozlar olib berildi. Nukus tibbiyot ilmiy akademiyasi, Bolalar klinikasi, Onkologiya markazi va yangi ko‘p tarmoqli shifoxona birlashtirilib, Universitet tibbiy klasteri tashkil qilinadi. Mo‘ynoqqa kelib ishlayotgan shifokorlarga berilayotgan 200 foizgacha oylik ustama 1-yanvardan Bo‘zatov va Taxtako‘pirda ham joriy etiladi.
Bugun Qoraqalpog‘istonda majburiy mehnat tarixga aylandi. Dehqon yerga egalik qiladi, fermer hosilini o‘zi sotadi. Bu shunchaki, qog‘ozdagi islohot emas, balki inson sha’nining tiklanishidir. Prezidentimizning “Bizning o‘tmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir!” degan so‘zlari butun Qoraqalpoq xalqi qatori meni ham to‘lqinlantirib yubordi. Men shu qoraqalpoq zaminining bir farzandi sifatida tan olib aytishim kerakki, respublika rivojiga, uning muammolari yechimiga hech qachon bugungidek e’tibor qaratilmagan.
Ming afsuslar bo‘lsinki, Orol dengizining qurishi bizga juda qimmatga tushdi va hamon buning ortidan kelayotgan aziyatlar davom etyapti. Vaholanki, yashayotgan mahallamiz yoki qishlog‘imizdagi kichkinagina ariqdan suv oqmay qolsa, qanchalar tashvishga tushamiz. Bu ariq o‘rnida dengiz bo‘lsa-chi, tashvishimiz ming chandon oshadi. Uni asrab qolishdagi chorasizlik esa undan ham yomon. Suv – bizning hayot-mamotimiz. Bugunimiz, ertamiz mana shu obi-hayotga bog‘liq. Davlatimiz rahbari xalqning ayni masaladagi dardini his qila bildi, fojia ko‘lamini kamaytirishga bel bog‘ladi. Ayniqsa, Qoraqalpog‘istoning eng og‘ir nuqtasi – Mo‘ynoqqa hayot qaytarildi.
1990-yillar boshida Orol dengizining tobora kamayib, tuman sanoatining yuragi bo‘lmish baliq konserva zavodi butkul yopilgan va ishsizlik avj olgan edi. Aholi uylarini tashlab, Nukus, Qo‘ng‘irot va boshqa shaharlarga bosh olib ketishga majbur bo‘ldi. Chang-tuz bo‘ronlari soni va zarar ko‘lamining keskin ortishi oqibatida ko‘z, oshqozon-ichak trakti, teri kasalliklari singari xastaliklar tez-tez uchraydigan bo‘lib qolgandi. Yerosti suvlari darajasi pasayib, hududning cho‘llanish jarayoni tezlashgandi. Butun boshli ulkan bandargoh katta-kichik kemalar qabristoniga aylangandi...
Bugun Prezidentimizning kuyinchakligi, fidoyiligi, g‘amxo‘rligi va sa’y-harakatlari bilan Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatish, yanada aniq aytsak, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, onalik va bolalikni himoya qilish, oila va mahalla institutlariga e’tibor, ayollar va yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish singari dolzarb masalalar yechimiga ulkan e’tibor qaratilmoqda.
Mo‘ynoq shahrini mutlaqo yangidan tiklashga, sanoat korxonalari, ko‘p qavatli uylar, zamonaviy xizmat ko‘rsatish binolari, maktablar, ta’lim muassasalari va boshqa sohalarni rivojlantirishga katta kuch safarbar qilindi. 2018-yilning dekabr oylaridan boshlab dengizning qurigan hududida o‘rmon barpo etishga kirishildi. Mazkur ishga Orol bo‘yidagi barcha o‘rmon xo‘jaliklari, ming nafardan ziyod mutaxassis ishchilar jalb qilindi. Shu yerning o‘zida yashash uchun barcha sharoitlar hozirlandi. Yashil o‘rmonlar yaratish uchun katta texnika jalb qilindi. Ayni paytda aholi Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish ishlarida astoydil mehnat qilmoqda va buning natijalari ko‘zga tashlanmoqda.
2020-yil 12-fevralda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Unga muvofiq, Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etish hamda sayyohlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan ― My garden in the Aral Sea‖ (“Oroldagi bog‘im”) agro va ekoturizm loyihasi amalga oshirilishi belgilandi. Markaziy Osiyodagi eng yirik elektron musiqiy festivalning o‘tkazilishi, Sahrodagi Luvr muzeyining dunyoga mashhur avangard to‘plami, tungi osmonning eng qorong‘i zonasi va uning ostida joylashgan o‘tovlar majmuasi bugun turistlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Qoraqalpog‘istonga bugun “Orol dengizining vatani” deya alohida ta’rif berilgani ham bejiz emas.
Prezidentimiz 2016-yil 10-noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida yuksak hurmat va chuqur samimiyat bilan: “Men nafaqat o‘zbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman!”, deb ta’kidlagandi. Va’da amalga ko‘chdi. Har bir shahar va tumanga, kerak bo‘lsa, chekka-chekka qishloq va ovullargacha kirib borildi.
Bu yerda istiqomat qilayotgan odamlarning dardi eshitildi, muammolarini hal qilishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqildi va ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Yaqin paytlargacha o‘z holiga tashlab qo‘yilgan Qoraqalpog‘iston imkoniyatlar o‘lkasiga aylandi. Hududning eng katta yutug‘i - aholining kelajakka ishonchi uyg‘ondi.
Amanbay Orinbayev,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Jo‘qorg‘i Kengesi raisi
O‘zA