Mahalla maydonida yongan ma’rifat chiroqlari
Ba’zan birgina chiroq nafaqat qorong‘ulikni yoritadi, balki insonlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ham ochadi. Kechqurun sport bilan shug‘ullanishni istagan yoshlar, farzandining sog‘lom ulg‘ayishini xohlagan ota-onalar, mahallada osoyishtalik va xavfsizlikni qadrlaydigan aholi uchun yoritilgan sport maydoni oddiy infratuzilma ob’ekti emas. U sog‘lom hayot, faollik, hamjihatlik va ezgu maqsadlar sari intilish maskaniga aylanadi.
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilgan davlat granti loyihasi ana shu haqiqatning amaliy ifodasidir. Mahalla aholisining tuman Markaziy o‘yingohiga tungi yoritgichlar o‘rnatish muammosini hal etishga qaratilgan tashabbus natijasida sport bilan shug‘ullanish, musobaqalar o‘tkazish va aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun yangi sharoitlar yaratildi.
Bu ishlarning zamirida inson manfaatlarini ta’minlash, mahallalarda munosib turmush sharoitini shakllantirish va yoshlarning kelajagiga e’tibor qaratishdek muhim maqsadlar mujassam.
Bugun mamlakatimizda mahallalarni obod qilish, aholi muammolarini joyida hal etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish va mahallalarni jamiyat hayotining muhim tayanchiga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bu jarayonning asosini tashkil etadi.

Zero, islohotlarning haqiqiy samarasi, eng avvalo, odamlarning kundalik hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Mahalladagi sport maydonining yoritilishi ham ana shunday amaliy natijalardan biridir. Chunki aholi uchun qulay sharoit yaratish deganda faqat yo‘llar, binolar yoki muhandislik tarmoqlarini yaxshilash emas, balki insonlarning sog‘lom hayot kechirishi, farzandlarini tarbiyalashi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish ham tushuniladi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyat bo‘limining Qorovulbozor tumani “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirgan loyihasi ijtimoiy ahamiyati bilan e’tiborga loyiq.
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan davlat granti tanlovida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyat bo‘limi “Qorovulbozor tumani “Tinchlik” mahalla aholisining tuman Markaziy o‘yingohiga tungi yoritgichlar o‘rnatish muammosini yechishga ko‘maklashish” loyihasi bilan ishtirok etdi.
Ushbu tashabbus uchun 200 million so‘m miqdorida davlat granti mablag‘i ajratildi. Ikki oyga mo‘ljallangan loyiha doirasida “Tinchlik” mahallasi hududidagi Markaziy o‘yingoh tungi yoritish tizimi bilan ta’minlandi.
Dastlab qaraganda, bu ish muayyan sport ob’ektini obodonlashtirishga qaratilgandek tuyulishi mumkin. Ammo uning ahamiyatini chuqurroq tahlil qilsak, masala ancha keng ekani ayon bo‘ladi. Yoritish tizimi sport maydonidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, mashg‘ulotlar vaqtini qulaylashtiradi va aholi uchun xavfsiz muhit yaratishga ko‘maklashadi.
Eng muhimi, davlat granti mablag‘lari orqali aholi ehtiyojidan kelib chiqqan muammoni hal etishga qaratilgan amaliy ish bajarildi. Bu esa fuqarolik jamiyati institutlari va mahalla tuzilmalari hamkorligi orqali joylardagi dolzarb masalalarga yechim topish mumkinligini ko‘rsatadi.

Sport insonni jismonan baquvvat qilishi bilan birga, unda intizom, qat’iyat, jamoaviylik va maqsad sari intilish kabi fazilatlarni ham shakllantiradi. Ayniqsa, yoshlar uchun sport maydonlari o‘z qobiliyatini namoyon etish, do‘stlar orttirish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazishning muhim makonidir.
Markaziy o‘yingohning tungi yoritgichlar bilan ta’minlanishi natijasida futbol, voleybol, yengil atletika va boshqa sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar hamda musobaqalarni muntazam tashkil etish uchun qulay imkoniyat paydo bo‘ldi. Bu ayniqsa, kunduzgi vaqtda o‘qish yoki mehnat bilan band bo‘lgan aholi uchun muhim. Endi sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kechki vaqtlarda ham kengaytirish mumkin. Muntazam jismoniy faollik esa sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligini mustahkamlash va yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, sport maydoni iqtidorli yoshlarni kashf etish uchun ham muhim muhitdir. O‘z qobiliyatini namoyon etish imkoniga ega bo‘lgan yoshlar orasidan kelajakda tuman, viloyat va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etadigan sportchilar yetishib chiqishi mumkin. Albatta, bunday natijalarga erishish uchun maydonni yoritishning o‘zi kifoya emas. Sport mashg‘ulotlarini muntazam o‘tkazish, malakali murabbiylar ishtirokini ta’minlash va yoshlarni musobaqalarga jalb qilish ham muhim. Yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish loyihaning uzoq muddatli natijadorligini belgilaydi.
Tungi yoritish tizimining yana bir muhim jihati — hudud xavfsizligini oshirishga ko‘maklashishidir. Yoritilgan maydon va uning atrofida fuqarolarning harakatlanishi qulaylashadi, jamoat tartibini saqlash uchun sharoit yaxshilanadi.
Ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Sport bilan shug‘ullanish, jamoaviy mashg‘ulotlarda ishtirok etish va sog‘lom raqobat muhitida ulg‘ayish yoshlarning ijtimoiy faolligini oshiradi.

Shu ma’noda, sport infratuzilmasiga yo‘naltirilgan mablag‘larni faqat moddiy obodonlashtirish xarajati sifatida emas, balki aholi salomatligi, ijtimoiy hamjihatlik va yoshlar tarbiyasiga qaratilgan sarmoya sifatida ham baholash mumkin.
Yangi imkoniyatlardan mahalla aholisining barcha qatlamlari foydalanishi, sport tadbirlariga qiziquvchilar keng jalb etilishi va maydondan oqilona foydalanish tartibi yo‘lga qo‘yilishi esa uning ijtimoiy samarasini yanada oshiradi. Bundan tashqari, yoritilgan o‘yingohda ommaviy sport tadbirlari, bayram sayillari va madaniy-ma’rifiy uchrashuvlarni kechki vaqtlarda ham o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Natijada sport maydoni nafaqat jismoniy mashg‘ulotlar, balki mahalla aholisini birlashtiradigan, o‘zaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlaydigan jamoat maskaniga aylanishi mumkin.

Bunday loyihalar samaradorligini baholashda ajratilgan mablag‘ miqdori yoki bajarilgan ishlar ro‘yxati bilan cheklanib qolmaslik lozim. Asosiy mezon — yaratilgan imkoniyatlardan aholi qanchalik foydalanayotgani, sport mashg‘ulotlari qay darajada yo‘lga qo‘yilgani va infratuzilmaning holati uzoq muddat saqlanib qolishidir. Shu bois o‘yingohning texnik holatini muntazam nazorat qilish, yoritish uskunalarini asrash, elektr energiyasidan oqilona foydalanish va sport tadbirlari jadvalini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Bu kabi choralar davlat granti mablag‘lari hisobiga yaratilgan imkoniyatlarning barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mahalladagi ijtimoiy loyihalarning yana bir muhim xususiyati shundaki, ular aholining o‘z hududi taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytiradi. Fuqarolar yaratilgan sharoitlarni asrash va rivojlantirishda faol ishtirok etsa, bunday tashabbuslar uzoq muddatli ijtimoiy natija beradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri