Ekspert: Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari savdo va transport aloqalarini mustahkamlamoqda
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda transport-tranzit hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Ayniqsa, O‘rta koridorning strategik ahamiyati ortib, mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda.
Ozarbayjon arxitektura va qurilish universiteti dekani, xalqaro transport sohasi eksperti Elchin Yusufzoda OAVga bergan intervyusida ushbu jarayonlar, transport yo‘laklarining imkoniyatlari va hamkorlik istiqbollari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

– Kaspiy dengizining g‘arbiy sohilida joylashgan Ozarbayjon Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi tranzit bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, bu jarayonda Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi – O‘rta koridor muhim o‘rin tutadi, - dedi u.
Ekspertning ta’kidlashicha, 2025-yilda Sharq–G‘arb transport yo‘lagi orqali Ozarbayjon hududidan 16,91 million tonna yuk tashilgan. Shundan 8,17 million tonnasi Yevropa–Kavkaz–Osiyo transport yo‘lagi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu davrda Shimol–Janub yo‘lagi orqali esa 9,29 million tonna yuk tashilgan.

– O‘rta koridorning temir yo‘l qismi taxminan 4256 kilometrni, Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi dengiz qismi esa 508 kilometrni tashkil etadi. Mazkur yo‘lak bo‘ylab Xitoydan Yevropagacha bo‘lgan masofa taxminan 8–10 ming kilometr, yuklarni yetkazib berish muddati esa 12–18 kun deb baholanmoqda. Markaziy Osiyodan kelayotgan yuklar Kaspiy dengizining sharqiy sohilidan Ozarbayjon portlariga yetkazilgandan so‘ng Boku–Tbilisi–Kars temir yo‘li va boshqa multimodal transport tarmoqlari orqali Turkiya hamda Yevropa bozorlariga yo‘naltirilishi mumkin, - dedi ekspert.
Elchin Yusufzodaning ma’lum qilishicha, 2025-yilda Ozarbayjon transport yo‘laklari orqali temir yo‘l transportida 14,26 million tonna, avtomobil transportida 11,05 million tonna, dengiz transportida esa 7,23 million tonna yuk tashilgan. Bunda temir yo‘l orqali tashilgan yuklarning 46,2 foizi, avtomobil transportidagi tashuvlarning 42,3 foizi va dengiz transportidagi yuklarning 93,3 foizi tranzit yuklar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

– Joriy yilning birinchi yarmida ham o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi. Xususan, yanvar–iyun oylarida Sharq–G‘arb transport yo‘lagi orqali 9,21 million tonna, jumladan, Yevropa–Kavkaz–Osiyo yo‘lagi orqali 4,6 million tonna yuk tashildi. Shu davrda temir yo‘l transportida 7,59 million tonna, avtomobil transportida 5,7 million tonna va dengiz transportida 3,37 million tonna yuk tashish amalga oshirildi.
Bu raqamlar nafaqat statistik ko‘rsatkichlar, balki Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi transport-tranzit aloqalarining strategik ahamiyatini ham namoyon etadi. Shu bilan birga, ular mintaqa davlatlari o‘rtasidagi savdo munosabatlari mustahkamlanayotgani, Ozarbayjon orqali Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar kengayib borayotganini ko‘rsatadi, - dedi tahlilchi.

Shuningdek, ekspert O‘rta koridorning asosiy ustunliklaridan biri Kaspiy dengizi havzasida muhim logistika markaziga ega ekani bilan bog‘liqligini ham ta’kidladi.
– Markaziy Osiyodan kelayotgan yuklar asosan Qozog‘istonning Oqtov va Quriq, Turkmanistonning Turkmanboshi portlari orqali Kaspiy dengizidan o‘tib, Boku portiga yetkaziladi. Shu tariqa, Ozarbayjon O‘rta koridor doirasida nafaqat tranzit hudud, balki turli transport turlarini o‘zaro bog‘lovchi yirik logistika platformasi vazifasini ham bajarmoqda.

Yevropa Ittifoqining 2026-yil fevral oyida e’lon qilingan tadqiqotiga ko‘ra, 2022-yildan buyon Transkaspiy yo‘nalishi orqali savdo hajmi to‘rt barobar oshgan. Zarur investitsiyalar amalga oshirilsa, 2030-yilga qadar ushbu ko‘rsatkich yana uch barobar o‘sishi mumkin.
Umuman olganda, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish hamda O‘rta koridor imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi, deyish mumkin.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA