Shahrixonda do‘ppi ko‘rgazmasi
Shahrixon tumanidagi “Hunarmandlar markazi”da “Andijon do‘ppisi” milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi “Geografik ko‘rsatkichlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Unda milliy do‘ppido‘zlik san’atini targ‘ib etish, do‘ppido‘zlik an’analarini hamda ushbu yo‘nalishda “Ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish, shuningdek, “Andijon do‘ppisi”ning geografik ko‘rsatkich sifatidagi ahamiyatini yanada oshirish ko‘zda tutilga.
"Hunarmand" uyushmasi hamda Turizm Andijon viloyati boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada viloyatdagi 20 dan ziyod faol do‘ppido‘z hunarmandlar o‘zlari tayyorlagan rang-barang do‘ppilar bilan ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada Andijon do‘ppido‘zlik san’atining o‘ziga xos an’analari, milliy naqshlar va bezaklar uyg‘unligi, hunarmandlarning mahorati namoyish etildi.


Aytish joizki, Andijon do‘ppisi – xalqimizning boy madaniy merosi, nafis didi va ko‘p asrlik hunarmandlik an’analarini o‘zida mujassam etgan noyob san’at namunalaridan biri hisoblanadi.
– Insonning libosi uning ichki dunyosini, odob-axloqini ko‘rsatadi, – deydi Shahrixon tumani Andijonlik mahallasida yashovchi do‘ppido‘z hunarmand, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Yorqinoy To‘ychiyeva. – Milliy liboslarimiz, ayniqsa, o‘zbekning do‘ppisi milliyligimizni ko‘rsatuvchi vositalardan biri. Shu ma’noda milliy bosh kiyimimizni e’zozlab, boshimizdan qo‘ymay kiysak, milliy ma’naviyat va o‘zligimizning tobora chuqur ildiz otishiga, do‘ppido‘zlik hunari an’analari bardavomligiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Darhaqiqat, do‘ppi xalqimizning milliy libosi, milliy qadriyatlarimizdan. Do‘ppido‘z hunarmandlarning ta’kidlashicha, do‘ppi nafaqat bosh kiyimi, balki boshqa turli vazifalarni bajarishi bilan ham ahamiyatlidir. Do‘ppi boshni issiq-sovuqdan, shamollashdan, changlardan saqlaydi.
Do‘ppiga tikilgan gullar ham o‘ziga xos ma’nolarni anglatadi. Jumladan, “Andijon do‘ppisining tepa qismidagi to‘rtta gul erkaklar salomatligini to‘rt tomondan himoyalab turishini, chetlaridagi o‘n olti gul esa bosh kiyim sohibining serfarzand va oilasining ahil bo‘lishi tilagini anglatadi. Xotin-qizlar do‘ppilaridagi pat bog‘lami, qushlar tasviri oqilalik ramzi sanaladi. "Bodom" bezagi esa hayot va unumdorlik timsoli, "Ilon izi" naqshi esa turli balolardan asrovchi tumor sifatida baholangan.



Tashkilotchilar tomonidan ko‘rgazmada faol ishtirok etgan bir guruh do‘ppido‘z hunarmandlarga sertifikatlar taqdim etildi.
Ushbu ko‘rgazma milliy hunarmandchilikni keng targ‘ib qilish, do‘ppido‘zlik an’analarini asrab-avaylash, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash hamda “Andijon do‘ppisi”ning geografik ko‘rsatkich sifatidagi ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.