O‘zbekiston – Italiya: qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdan qadoqlashgacha
Qishloq xo‘jaligiga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida yurtimizda olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengaymoqda.
O‘zbekistonning Rim shahridagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Italiyaning Planet Farms kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kompaniya O‘zbekistonda zamonaviy aqlli issiqxona (Smart Greenhouse) majmuasini tashkil etish, shuningdek, mahsulotlarni saralash, qadoqlash va tayyor holda yetkazib berish zanjirini yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Jumladan, kompaniya taklif etayotgan innovatsion texnologiyalar suv va yer resurslaridan tejamkor foydalanish, o‘g‘itlar sarfini qisqartirish hamda pestitsid va gerbitsidlarsiz yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi.
Uchrashuvda ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va mahsulotlarni qadoqlash tizimini yagona majmuada tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, mahsulot yetishtirishdan qadoqlashgacha bo‘lgan jarayonlarni integratsiya qilish va investitsiya loyihalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA