Sanoat xavfsizligi sohasida 72 mingga yaqin kamchiliklar aniqlangan
Sanoat tarmoqlarini rivojlantirish bilan birga, sohada mehnat xavfsizligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Sanoat radiatsiyasi va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, sanoat sohasida belgilangan talablarga rioya qilinmagani oqibatida 2023-yildan 2026-yilning hozirgi davriga qadar 25 ta xavfli avariya sodir bo‘lgan. 2021-2025-yillarda olib borilgan o‘rganishlarda 72 mingga yaqin kamchiliklar aniqlangan va 7 ming 800 ta ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Bu kabi holatlar hamda ishlab chiqarish jarayonlarining murakkablashib borishi sanoat xavfsizligi talablari va huquqiy mexanizmlarini zamon talablariga muvofiq takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda ishlab chiqilgan sanoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining bugungi yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Mazkur qonun loyihasi bilan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, davlat nazorati samaradorligini oshirish hamda sohadagi mas’ul sub’ektlarning javobgarligini aniq belgilash nazarda tutilmoqda, — dedi Sanoat radiatsiyasi va yadro xavfsizligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Olimjon Jo‘rayev. — Loyiha bilan Jinoyat kodeksiga xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida va potensial xavfli ob’ektlarda sanoat xavfsizligi talablarini buzganlik, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar uchun qat’iy jazo choralarini belgilashni nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.

Shuningdek, sanoat xavfsizligi talablariga rioya etmaslik, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida davlat nazoratini tashkil etmaslik hamda avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik ko‘rish talablarini bajarmaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarima jazosini qo‘llash va takroriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.
Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspertlar ekspertiza bo‘yicha bila turib yolg‘on xulosa berganligi uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.
Sanoat xavfsizligi sohasidagi avariyalar o‘ta og‘ir oqibatlar bilan tugaganda, o‘limga olib kelganda jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilmoqda.
Ta’kidlanganidek, ushbu loyiha xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida avariya va baxtsiz hodisalar xavfini kamaytirishga, huquqbuzarliklarning oldini olishga, sohada davlat nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasi ekologik xavfsizlikni ta’minlashda ham dolzarb ekanligini ta’kidladilar. Undagi normalar yuzasidan bir qator taklif va mulohazalar bildirdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA