94 yoshli Robiyaxon Akbaraliyeva referendumda ovoz berdi
Referendum Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Nursuxning Yuqori mahallasida istiqomat qiluvchi Robiyaxon ona Akbaraliyeva 94 yoshni qarshilagan. Uzoq yillar G‘afur G‘ulom nomli davlat xo‘jaligida mehnat qilib nafaqaga chiqqan onaxon bugun oilasi bag‘rida umrguzaronlik qilmoqda.
– 11 nafar farzandni voyaga yetkazganman. 70 nafarga yaqin nabira, 40 ga yaqin evara va 15 nafar chevaraning suyukli momosiman. Allohga shukur, yaqinlarim, mahalla-kuy ardog‘ida farog‘atda yashayapman. Ko‘p saylovlarda ishtirok etdim. Ammo, bu yilgi referendumga tayyorgarlik jarayonlarini matbuotda, televideniyeda juda keng yoritishdi. Evaralarim bilan qiziqish bilan kuzatib bordim. Yoshimni inobatga olib, toliqib qolishmasin deb bugun ertalabdan mahallamizdagi 943-referundum uchastkasidan kelishibdi, baraka topishsin. Farzandlarim, nevara va evaralarimning kelajagi uchun ovoz berdim.
Tumandagi mavjud 76 ta referendum uchastkalarida O‘zbekiston Respublikasi referendumida ovoz berish jarayonlari yuqori ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA