90 yoshda ham so‘zga sadoqat: ustoz jurnalistning ibrat maktabi
Farg‘ona matbuotining zabardast namoyandasi Doniyor Ergashev qutlug‘ 90 yoshni qarshiladi.
Jurnalistika — shunchaki kasb yoki mashg‘ulot emas, balki jamiyatning urib turgan tomirini his qilish, xalq va davlat o‘rtasida mustahkam ishonch ko‘prigini barpo etish hamda haqiqatga sadoqat bilan xizmat qilish demakdir. Bu sharafli va mas’uliyatli yo‘lni tanlagan inson butun umrini so‘z mas’uliyati, fidoyilik va yuksak e’tiqodga bag‘ishlaydi. Farg‘ona matbuoti tarixida alohida o‘rin tutuvchi, bir necha avlod qalamkashlariga kasb va hayot sabog‘ini bergan ustoz jurnalistlar faoliyati bunga yaqqol misoldir.
Shunday tabarruk siymolardan biri — Farg‘ona jurnalistikasining taniqli namoyandasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Doniyor Ergashev bugun qutlug‘ 90 yoshni qarshilamoqda. Umrini matbuot rivojiga, so‘z san’ati va jamoatchilik fikrini shakllantirishga bag‘ishlagan ustoz bugun ham ijodiy jo‘shqinlikni yo‘qotmay, boy tajribasini yosh avlodga beminnat ulashib kelmoqda.
Doniyor Ergashevning ijodiy va mehnat yo‘li 1957-yilda, o‘sha davrdagi Qo‘qon tumani “Yangi Farg‘ona” gazetasi tahririyatida adabiy xodim sifatida boshlangan. Shundan buyon o‘tgan qariyb yetmish yil davomida u viloyatning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotidagi eng muhim voqealarni xolis va teran yoritishga, mahalliy matbuot nufuzini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shdi.
Farg‘ona viloyati ijtimoiy va madaniy hayotida uning rahbarlik salohiyati ham yorqin namoyon bo‘ldi. Ustoz 1975–1980-yillarda Farg‘ona viloyati teleradiokanaliga rahbarlik qilib, milliy jurnalistikamizda teran mazmun va yuksak mahorat mezonlarini qaror toptirdi. 1983–1996-yillarda esa “Yangi Farg‘ona” gazetasi bosh muharriri lavozimida samarali faoliyat yuritib, tahririyatning ijodiy muhitini sog‘lomlashtirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularni haqiqiy kasb egalari qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, turli yillarda mahalliy davlat boshqaruvi idoralarida mas’uliyatli vazifalarda ishladi.
E’tiborli va tahsinga sazovor jihati shundaki, 90 yoshni qarshilayotgan nuroniy ustoz hamon ijodiy izlanishda. U “Yangi Farg‘ona” gazetasida muntazam ravishda futbol sharhlovchisi sifatida chiqishlar qilib, o‘zining jozibador sport maqolalari bilan muxlislar qalbidan joy olmoqda. Shu bilan birga, tahririyat qoshida tashkil etilgan “Yosh jurnalistlar maktabi” da bo‘lajak qalamkashlarga kasb mahorati va mas’uliyatidan saboq berib kelmoqda.
[gallery-32027]
Doniyor Ergashev nafaqat ijodiy faoliyati, balki sog‘lom turmush tarzi va yuksak hayotiy g‘ayrati bilan ham barchaga ibrat bo‘lmoqda. U har kuni Farg‘ona shahri bo‘ylab piyoda sayr qilishni kanda qilmaydi, nuroniylar uchun tashkil etilgan jismoniy tarbiya va sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarida faol ishtirok etadi. Ustozning sermazmun hayot yo‘li, kasbiga va so‘zga bo‘lgan cheksiz sadoqati — bugungi yangilanayotgan O‘zbekiston jurnalistikasi va yosh qalamkashlar uchun haqiqiy mahorat, e’tiqod va ibrat maktabidir.
To‘qson yoshni tetiklik va jo‘shqin ijodiy ruh bilan kutib olayotgan muhtaram ustozga mustahkam sog‘liq, uzoq va mazmunli umr, ijodiy hamda hayotiy faoliyatida hamisha zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz!
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA