9-sinf bitiruvchilariga mo‘ljallangan qabul parametrlari rasman tasdiqlandi
Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan 2026/2027 o‘quv yili uchun 9-sinf bitiruvchilariga mo‘ljallangan qabul parametrlari rasman tasdiqlandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, respublika bo‘ylab 516 ta texnikumda 152 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olish imkoniyati yaratilgan.
Joriy yilda umumiy qabul kvotasi 184 207 nafarni tashkil etib, kunduzgi ta’lim — 130 247 ta, dual ta’lim — 53 960 ta kabi ta’lim shakllariga taqsimlangan.
Shuningdek, umumiy kvotaning 1300 tasi 14 ta Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlariga davlat granti asosida qabul qilish uchun ajratilgani alohida e’tiborga molik.
Qayd etilishicha, joriy yilda 9-sinf bitiruvchilari uchun ajratilgan barcha kvotalar to‘liq davlat granti asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yoshlar uchun bepul ta’lim olish, zamonaviy kasb egallash va kelajakda barqaror ish o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA