9-may – Xotira va qadrlash kuni
Faxriy jurnalist holidan xabar olindi
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov hamda navoiylik bir guruh jurnalistlar uzoq yillar matbuot sohasida samarali faoliyat yuritgan faxriy jurnalist Muazzam Qodirova xonadonida bo‘lib, ustoz ijodkor holidan xabar oldi.

Samimiy kechgan muloqotda ustoz jurnalistning ko‘p yillik ijodiy faoliyati, hayot tajribasi va matbuot sohasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi haqida fikr almashildi. Uning bosib o‘tgan hayot yo‘li, kasbga sadoqati va mehnatsevarligi bugungi yosh jurnalistlar uchun haqiqiy ibrat maktabi ekani ta’kidlandi. Uchrashuv chog‘ida turmush o‘rtog‘i marhum jurnalist Abduvahob Pirmatov xotirasi ham yodga olindi.
– 1974-yilda jurnalistika fakultetini tamomlab, turmush o‘rtog‘im Abduvahob Pirmatov bilan “Karmana ovozi” gazetasida ilk mehnat faoliyatimni boshlaganman. O‘sha yillar hayotimning unutilmas sahifalaridan biri bo‘lib qolgan, – deydi Muazzam Qodirova. – U kishi men uchun nafaqat turmush o‘rtoq, balki haqiqiy ustoz va yelkadosh ham edi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Abduvahob Pirmatov o‘z faoliyatini “Karmana ovozi” gazetasida boshlab, keyinchalik matbuot sohasida uzoq yillar samarali mehnat qildi. U 2000-yildan vafotiga qadar “Xalq so‘zi” gazetasining Navoiy viloyati bo‘yicha muxbiri sifatida faoliyat yuritgan.
Uchrashuv davomida ustoz va yosh jurnalistlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yosh ijodkorlarni kasbga muhabbat va mas’uliyat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida faxriy jurnalistga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA