88 yoshli otaxon nihoyat guvohnoma oldi
Marg‘ilon shahrining To‘ralar ko‘chasida istiqomat qiluvchi Hojimat ota Tojiboyev bu yil 88 yoshga kirdi. Hayratlanarlisi, 9 nafar farzandni halol mehnat bilan voyaga yetkazgan va ayni paytda, 31 nabiraning sevimli bobosi tug‘ilganidan buyon tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olmagan.
Hujjatlar “gapiradigan” davrda ushbu holatni tasavvur qilish qiyin. Lekin bu fakt!
– Biz yashagan zamonlar soddachilik davri edi, – deydi Hojimat ota Tojiboyev. – Mana endi bilsam, o‘sha chirkin sovet davri bizga o‘xshaganlarning hujjatsizligidan manfaatdor bo‘lgan ekan. Charm zavodida qorovullik qildim. Kimdir “mana bu yerga qo‘l qo‘y”, desa, imzo chekib ketavergan ekanmiz. Mana bu omon-omon zamonlarda esa meros masalalarida shu hujjat tushmagur kerak bo‘lyapti.
Marg‘ilon shahar FHDYO bo‘limida Hojimat ota Tojiboyevga 88 yil kechikib kelgan hujjat tantanali ravishda rasmiylashtirib berildi.
“Pismadonchiga falon yildan so‘ng tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi” kabi xabarini eshitsak, darhol “Shu paytgacha nima sababdan bu hujjatlarni olmagan ekan?” qabilidagi savollar ongimizni chulg‘aydi. Bu, tabiiy, albatta... Biroq mavzuga chuqurroq kirib borar ekansiz, shu kabi holatlarning ob’ektiv hamda sub’ektiv sabablarini teranroq anglab yetamiz. Shaxsning chorasizligi, ota-onaning birlamchi muhim hujjatlarga ega emasligi va, eng asosiysi, bee’tiborlikka guvoh bo‘lamiz.
2009 yilda tug‘ilgan Muslimbek Ochilovga ham Qo‘shtepa tuman FHDYO bo‘limida kuni kecha tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd qilindi.
Qo‘shtepalik 5 yoshli Zulayho Salimjonovaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma 5 yil kechikib bo‘lsa-da, tantanali ravishda rasmiylashtirildi.
Ota-onalari mamlakatimiz fuqarolari bo‘lgan, 2014 yilning fevral oyida Rossiyaning Novosibirsk shahrida tavallud topgan 6 yoshli Aliyorxon Mo‘minovning FHDYO organlarida tug‘ilishi rasman qayd etilib, unga guvohnoma topshirish marosimi o‘tkazildi.
Bu kabi holatlarni Farg‘ona viloyati misolida yuzlab keltirish mumkin.
Viloyatda 2019 yilda turli sabablar bilan 518 ta holatda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar tug‘ilishining muddati o‘tkazilib, qayd etilgan. O‘tgan 2020 yil davomida esa targ‘ibot va tashviqot ishlari, mahallalarda uyma-uy yurish tadbirlari samarasida ushbu holatlar 236 tani tashkil etgan va 282 taga kamaygani ma’lum bo‘ldi.
Elyorjon EHSONOV,
DXA Farg‘ona viloyat boshqarmasi
jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shu’basi yetakchi maslahatchisi.