8 ta sanoat korxonasida 17 ta chang-gaz tozalash uskunasi to‘liq modernizatsiya qilingan
Mamlakatimizda ekologiyani muhofaza qilish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash, ekologik talablarga rioya etgan korxonalarni davlat tomonidan rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinadi.
Bu borada davlatimiz rahbarining shu yil 25-martdagi tegishli farmoni bilan atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va energiya samarador texnologiyalarni keng joriy etish belgilangan. 2025-yil 30-yanvardagi davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni bilan esa ushbu toifaga kiruvchi korxonalarning ekologik barqarorligini ta’minlash uchun ekologik monitoring tizimlarini modernizatsiya qilish, tozalash uskunalarini o‘rnatish va yashil texnologiyalarga o‘tishda yangi tartib o‘rnatilgan.

Unga muvofiq, birinchi bosqichda agar atmosfera havosini ifloslantiruvchi korxona fon monitoring stansiyalarini o‘rnatsa, unga atrof tabiiy muhit ifloslanlantirilgani va chiqindilar joylashtirilgani uchun kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik hisobdan chiqarilishi belgilangan. Bunda atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun respublika byudjetiga yo‘naltirilgan kompensatsiya to‘lovlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi 2 yil mobaynida qaytariladi.
Ikkinchi bosqichda monitoring stansiyalari o‘rnatgan korxona keyingi yil davomida chang-gaz va mahalliy suv tozalash uskunalarini o‘rnatsa, unga kompensatsiya to‘lovlarining 70 foizgacha qismi 2 yil davomida qaytarilishi belgilangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan I va II toifalarga mansub xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar vakillari bilan uchrashuvda sanoat korxonalarining ekologik mas’uliyatini oshirish, chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda ta’kidlandiki, joriy birinchi chorakda mazkur toifadagi 8 ta sanoat korxonasida 17 ta chang-gaz tozalash uskunalari to‘liq modernizatsiya qilingan. 2 ming 444 ta filtrlar almashtirilgan. 13 ta korxonada esa ifloslantiruvchi manbalardan avtomatik namunalar olish tizimi o‘rnatilib, ular eco-nazorat.uz yagona geoaxborot platformasiga integratsiya qilingan.

I va II toifadagi korxonalar tomonidan o‘z hududlari va tutash maydonlarda 3,1 million tup daraxt, buta ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘”lar barpo etilmoqda. Deputatlar ushbu choralar sanoat hududlarida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda atmosfera havosi sifatini yaxshilashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Uchrashuvda xalq vakillari bugun ekologik muammolar xavfini kamaytirishda sanoat korxonalarida ekologik talablarga rioya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni kamaytirish, filtr va tozalash uskunalarining samaradorligini oshirish, korxonalarning ekologik mas’uliyatini oshirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berdi.
M.Komilova, O‘zA