8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Ayol matonati: o‘qituvchi bo‘lishni istagan, ammo...
“Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi” AJda 500 nafar xotin-qiz turli vazifalarda faoliyat olib bormoqda. Stansiya rahbariyati, Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ular uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
bugungi kunda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan, mehnatkash, fidoyi xotin-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi. El-yurtga xizmat qilish esa inson umrining haqiqiy bezagi. Mamlakat taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan energetika tizimida mehnat qilayotgan ayollarning fidokorona xizmatlarini qadrlab, har qancha e’tirof etsak arziydi.

Barno Pardayeva 23 yildirki korxonaning Markazlashtirilgan ta’mirlash sexida kran mashinisti bo‘lib ishlaydi. Ko‘pchilik bu kasbni ayollar uchun to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblaydi. Lekin Barno Pardayeva o‘z kasbidan mamnun. Chunki u ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini puxta o‘zlashtirgan.
Asli o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilgan ayol 1989 yilda Sirdaryo viloyati, Xovos tumanidagi 2-sonli o‘rta umumta’lim maktabini tugatgach, Sirdaryo Davlat pedagogika institutiga (hozirgi GulDU) hujjat topshiradi. Ammo o‘qishga kira olmaydi.
1997 yilda Bekobod shahridagi “Sigma” o‘quv markazida kasb-hunar egallash uchun yosh xotin-qizlardan hujjat qabul qilinayotganidan xabar topadi.

– O‘quv markaziga hujjatlarimni topshirdim va kasb-hunarga ega bo‘lib zavod yoki fabrikada ishlay olishimdan juda quvondim, – deydi B.Pardayeva. – Turmush o‘rtog‘im “Sirdaryo DNES”ida (hozirgi “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi” AJ) Markazlashtirilgan ta’mirlash sexida ishlar edi. 35 nafar yigit-qiz Bekobod shahriga “Sigma” o‘quv markazida kasb-hunar egallash uchun o‘qishga ketdik. Qizlar uchun 4 xil – tikuvchilik, oshpazlik, bo‘yoqchilik va kran mashinisti kasblariga joy borligini bildirishdi. Men kran mashinisti kasbini tanladim va bundan sira afsuslanmayman. Bekobod shahrining o‘zida 6 oy nazariy o‘quv kursini tugallagach, Bekobod sement zavodida 6 oy davomida amaliyot o‘tadim va kran mashinisti bo‘lib ishladim. Shunday qilib, 1 yildan keyin men amaliy malakaga ega mutaxassis sifatida kasbni to‘liq egallab bo‘lgan edim.
So‘ng B.Pardayeva “Sirdaryo IES” AJ korxonasiga kran mashinisti lavozimida ishga kirib, mustaqil ishlay boshladi.

Kranda ishlash doimo diqqat-e’tibor, hushyorlik, yuqori darajadagi malakani talab qiladi. Ayniqsa, 32 metr balandlikda turib qurilmalar ustidan yuk olib o‘tish, o‘ta og‘ir va katta o‘lchamdagi yuklarni siljitish, tungi ishlar – malaka va dadillikni, yukni ildiruvchi xodimlarga talabchan bo‘lishni talab qiladi. Shu bilan birga diqqatni jam qilish uchun ishga doimo ruhan va jismonan tayyor bo‘lish zarur. Aks holda bu ish jarayonida jiddiy ko‘ngilsizliklarga olib kelishi mumkin.
Ushbu qiyin sohada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan o‘zbek ayoli bugun ko‘plab shogirdlar tayyorlamoqda. U o‘zi istaganidek, “ustoz” deya chaqirib, hurmat ko‘rsatadigan yigit-qizlarning sevimli ustozidir.
Shuhrat Suyarov, O‘zA