153-assambleyada Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishi o‘tkazildi
Parlamentlararo ittifoq (IPU)ning Tanzaniya mezbonlik qilayotgan 153-assambleyasi doirasida Qo‘shilmaslik harakati (QH) Parlament tarmog‘ining muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish hamda PI prezidenti saylovi arafasida a’zo davlatlar pozitsiyalarini muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari T.Norboyeva Sahiba Gafarovaning parlamentlararo muloqotni mustahkamlashga qo‘shgan hissasini qayd etib, uning Parlamentlararo ittifoq prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘llab-kuvvatlashini tasdiqladi.
Mamlakatimizning 2027 - 2029-yillarda Tarmoqqa raislik qilishi munosabati bilan hamkorlikdagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. Bular – qonunchilik tajribasini almashish, ijtimoiy himoya, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdir.
– Bugungi murakkab xalqaro sharoitda tinchlik va barqarorlikni saqlash, davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, turli qarashlarga qaramay, muloqotni davom ettirish alohida ahamiyatga ega, - dedi T.Norboyeva. – Har bir parlament o‘z xalqi manfaatlarini ifoda etadi. Odamlarning tinchlik, xavfsizlik va munosib hayotga bo‘lgan intilishlari esa barchamizni birlashtiradi. Bu tamoyillar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tashqi siyosatning ham asosini tashkil etadi. O‘zbekiston xalqaro maydonda ochiq muloqot, teng huquqli hamkorlik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori. Parlamentlararo ittifoqning Toshkent deklaratsiyasida belgilangan yo‘nalishlar asosida o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, qonunchilik tajribasini almashish va qabul qilingan qarorlarning amaliy ijrosini ta’minlash borasida hamkorlikni izchil davom ettiramiz.

Majlisda Venesuela, Belarus, Pokiston, Misr, Marokash va Tanzaniya vakillari ham so‘zga chiqib, S.Gafarovani qo‘llab-quvvatlab, uning xalqaro obro‘si va tajribasini, ittifoq faoliyatida adolatli geografik vakillik hamda uzviylikning muhimligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda nomzodlar o‘z saylovoldi dasturlarini taqdim etib, tashkilotni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini bayon qildi.
Ozarbayjon Milliy Majlisi Raisi Sohiba Gafarova parlament diplomatiyasini mustahkamlash, ittifoqning BMT va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligini kengaytirish, a’zo davlatlarning teng huquqli ishtirokini ta’minlash, barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda iqlim sohasida moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni ustuvor vazifalar sifatida ko‘rsatdi.

Avstraliya Vakillar palatasi spikeri Milton Dik demokratik institutlarni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, yoshlar va xotin-qizlarning siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, ittifoqning moliyaviy shaffofligi va hisobdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratdi.
Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari guruhi raisi, Chili Senati a’zosi Roxo Edvards Parlamentlarao ittifoq birligini mustahkamlash, qabul qilinayotgan rezolyutsiyalar samaradorligini oshirish, sun’iy intellektni tartibga solish, parlament a’zolarining huquqlarini himoya qilish, xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash hamda xotin-qizlar va yoshlar ishtirokini kengaytirishni asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Tanzaniya, Arusha shahri.