738 ta yangi ish oʻrni yaratildi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Jizzax viloyatida tashkil etilgan press-turda jurnalistlar hududda investitsiya majburiyati bilan berilgan obyektlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Jizzax viloyatida tashkil etilgan press-turda jurnalistlar hududda investitsiya majburiyati bilan berilgan obyektlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Umidjon Oʻrinov Prezidentimizning 2019-yil 14-yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida davlat aktivlarini sotish, xususiylashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida jurnalistlarga maʼlumot berdi.
Viloyatda 2019-yil yakuniga qadar tuzilgan shartnomalarga muvofiq 32 milliard 257 million soʻm miqdorida investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan 28 ta obyekt boʻyicha amalda 69 milliard 475 million soʻm sarmoya kiritildi. Investitsiya kiritish rejasini 215 foizga bajarib, 738 ta yangi ish oʻrni yaratgan investorlarga oʻrnatilgan tartibda mulkni tasarruf etish huquqi bilan davlat orderlari berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va Jizzax viloyati hokimining tegishli qaroriga binoan 2019-yilda 83 ta davlat mulki obyekti (ulushlari) investitsiviy va ijtimoiy majburiyatlar belgilangan holda “Ye-ijro Auksion” elektron savdo maydonchasining savdolariga chiqarildi. Shundan 41 ta davlat mulki obyekti 34 milliard soʻmga sotib olish, 16,4 milliard soʻmlik investitsiya kiritish va qoʻshimcha 359 ta ish oʻrni yaratish sharti bilan sotildi.
Press-tur ishtirokchilari Paxtakor tumani Dilorom mahallasida boʻsh turgan inshoot negizida tashkil etilgan “Bunyod Dur Teks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
– Foydalanilmay turgan eski binoni 500 million soʻm investitsiya kiritib, 35 ta ish oʻrni yaratish boʻyicha shartnoma majburiyati asosida sotib olganmiz, – deydi korxona rahbari Farida Rahmonova. – Korxonani ishga tushirish uchun esa shartnomada belgilanganidan ancha koʻp – 908,4 million soʻm miqdorida investitsiya kiritildi. Yaratilgan ish oʻrni ham shunga yarasha, investitsiya majburiyatimizda belgilanganidan ancha koʻp – 100 ta boʻldi. Ayni paytda korxonamizda tikilayotgan tayyor kiyimlarni ichki bozordan tashqari xorijga ham eksport qilayapmiz.
Press-tur ishtirokchilari shu tumanda davlat ulushi sotilishi belgilangan “Doʻstliksharobsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham boʻlishdi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mutaxassislari va jamiyat rahbarlari ushbu korxonada davlat ulushi sotilishi sabablari va undan kutilayotgan samara haqida jurnalistlarga maʼlumot berdi.
Gʻallaorol tumanidagi 12 milliard 500 million soʻm miqdorida investitsiya kiritib, 160 ta yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan “nol” qiymatda sotib olingan “Sangzor tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati jurnalistlarda katta qiziqish oʻygʻotdi.
Masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan investitsiya kiritish majburiyati ortigʻi bilan bajarilib, yiliga 8 ming tonna paxtani qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega ip-kalava korxonasi barpo etildi. Natijada 350 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Sh.Rashidov tumanida investitsiya kiritish sharti bilan boʻsh turgan binoda barpo etilgan “Otajonlar niyati” maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Ishtirokchilar ushbu press-tur jurnalistlar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham foydali boʻlganini eʼtirof etdi.
– Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu press-tur menda juda yaxshi taassurot qoldirdi, – deydi “Jizzax haqiqati” gazetasi boʻlim muharriri Bekpoʻlat Togʻayev. – Investitsiya hisobiga barpo etilgan korxonalar faoliyati bilan tanishish davomida davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarning samarasi, bu sohadagi yutuq va muammolar haqida ham maʼlumotga ega boʻldik.