Farmatsevtikada xalqaro hamkorlik: sifat va xavfsizlikka e’tibor
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan «USP CAC Regulatory Authorities Meeting» xalqaro forumi doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy regulyatorlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda Misr va Tojikistonning regulyator organlari, AQSH Farmakopeyasi (USP)ning Markaziy Osiyodagi rahbariyati, «Neopharma» kompaniyasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvlarda farmatsevtika sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, mutaxassislar almashinuvi, qo‘shma trening va seminarlar tashkil etish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar davomida USP ko‘magida dori vositalarining nazorat namunalari bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha ham muhim kelishuvga erishildi. Mazkur hamkorlik laboratoriya nazoratining imkoniyatlarini kengaytirish, sinov jarayonlarining sifatini oshirish va zamonaviy xalqaro amaliyotlarni joriy etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining «Emirates Drug Establishment» (EDE) rahbariyati bilan alohida uchrashuv va muzokaralar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Kelgusidagi muloqotlarda farmatsevtika regulyatorikasi, farmakonazorat hamda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yo‘nalishlaridagi ilg‘or tajribani o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish masalalariga e’tibor qaratiladi.
Mazkur uchrashuvlar O‘zbekistonning xalqaro farmatsevtika hamjamiyati bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ilg‘or xorijiy tajribani milliy regulyator tizimiga joriy etish hamda dori vositalarining sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Forum doirasidagi muzokaralar O‘zbekiston farmatsevtika regulyator tizimining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish va sohada zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA