70 yoshli momo ilg‘or terimchilardan ortda qolmadi
Shu kunlarda dalalarimizda paxta qiyg‘os bo‘lib ochilgan. Paxtani yog‘in-sochin kunlarga qoldirmasdan yig‘ib-terib olishda ishtirok etayotgan hasharchilarni har tomonlama rag‘batlantirish maqsadida Sirdaryo tuman hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi, tuman mahalla uyushmasi tomonidan "Bolushev Murod" fermer xo‘jaligida terimchilar o‘rtasida "Kim o‘zar"ga musobaqa tashkil etildi.
55 nafar ilg‘or terimchi ishtirok etgan musobaqada Malika Maqsudova, Saodat Ergasheva, Oyjamol Isayeva, Karomat Quvonova, Gulnora Haydarovalar tushga qadar 180-200 kilogrammdan paxta terib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, mazkur musobaqada ishtirok etgan 70 yoshni qarshilagan Oyjamol momo Jumanova 85 kilogramm paxta terib, ilg‘orlardan ortda qolmadi.

–Yoshligimda 250-300 kilogrammgacha paxta terardim,–deydi momo. –Qani o‘sha vaqtlar qaytib kelganida edi...
–O‘tkazilgan mazkur musobaqa barcha terimchilarga kuch va shijoat bag‘ishlab qolmay, terim sur’atini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish imkonini berdi,–deydi "Madad guruhi" rahbari Iroda Qo‘shboyeva.


Quvonchlisi, shu joyning o‘zida har bir kilogramm qo‘lda terilgan paxta uchun berilgan 2500 so‘mdan miqdordagi terim puli chevarlarni xursand qildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri